Joriy yilning 6 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingan edi.
Farmonda maktab ta’limi bo‘yicha ilg‘or davlatlar tajribasini, xususan Finlyandiya ta’lim tizimining o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganish vazifasi yuklatildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan aynan Finlyandiya misol qilib ko‘rsatilgani bejizga emas. Ushbu mamlakat ta’lim sifatini baholash bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro tadqiqotlardagi o‘z muvaffaqiyatlari bilan ajralib turadi. Fin o‘quvchilari PISA tadqiqotidagi barcha yo‘nalishlarda savodxonlik va ta’lim tengligi ko‘rsatkichlari bo‘yicha eng yaxshi natijalarga erishgan.
Xalqaro o‘quvchilarni baholash dasturi (PISA - The Programme for International Student Assessment) shunday tadqiqot dasturlarining eng keng tarqalgani hisoblanadi.

PISA tadqiqotlarida 2015 yilda 72 ta mamlakatdan 500000 nafardan ortiq va 2018 yilda 79 ta davlatdan 600000 nafardan ko‘proq 15 yoshli yigit-qizlar ishtirok etishgan.
PISAning o‘ziga xos xususiyati shundaki, u sof bilimni emas, balki turli sohalarda savodxonlikni baholaydi. Savodxonlik – “o‘quvchilarning asosiy mavzular bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni qo‘llash qobiliyati, turli vaziyatlarda muammolarni aniqlash, talqin qilish va hal qilishda samarali tahlil qilish, mulohaza yuritish va muloqot qilish qobiliyati” sifatida izohlanadi. PISA dasturi doirasida har 3 yilda takrorlanuvchi sikllarda o‘quvchilarning matematik, tabiiy fanlar va o‘qish fanlari savodxonligi baholanadi.
PISA TADQIQOTIDA FINLYANDIYA
PISA dasturi 2000 yilda tashkil etilgandan buyon Finlyandiya unda muntazam qatnashib kelmoqda va erishgan natijalari bilan fin ta’lim tizimi dunyodagi ko‘plab mamlakatlarining e’tiborini o‘ziga jalb qilmoqda. O‘tkazilgan yettita PISA siklining natijalarida ozgina tebranishlar va so‘nggi ikki siklda biroz pasayish kuzatilsada, Finlyandiya ta’lim tizimi PISA tadqiqotlari natijalari bo‘yicha uzoq davrda eng yaxshi natijalarga erishgan davlatlardan biri hisoblanadi.
Bundan tashqari, keyingi muhim jihat shundaki, Finlyandiya PISA tadqiqotlarida ishtirok etuvchi mamlakatlar orasida o‘quvchilarning haftalik o‘quv yuklamasi eng qisqa davlat hisoblanadi. Fin o‘quvchilari haftada barcha fanlarni o‘rganish uchun o‘rtacha jami 36,1 soat sarflaydilar, ushbu ko‘rsatkich maktab va maktabdan tashqari o‘quv jarayoninio‘z ichiga oladi. Eng qisqa o‘qish vaqti va yuqori ballar Finlyandiya ta’lim tizimining jozibadorligini orttirdi.
FIN O‘QUVCHILARINING PISA DAGI NATIJALARI
Savodxonlik turi | 2000 | 2003 | 2006 | 2009 | 2012 | 2015 | 2018 |
O‘qish | 546 (1)* | 543(1) | 547(2) | 536(2) | 524(3) | 526(2) | 520 (5) |
Matematika | 536(4) | 544(1) | 548(1) | 541(2) | 519(6) | 511(7) | 507 (12) |
Tabiiy fanlar | 538(3) | 548(1) | 563(1) | 554(1) | 545(2) | 531(3) | 522 (9) |
*Qavs ichida Finlyandiyaning PISA tadqiqotidagi reytingi ko‘rsatilgan.
Ma’lumot uchun: Finlyandiya Respublikasi PIRLS (The Progress in International Reading Literacy Study – boshlang‘ich 4-sinf o‘quvchilarining matnni o‘qish va tushunish darajasini baholash) tadqiqotida2011 (568 ball) va 2016 (566 ball) yillarda ishtirok etgan va mos ravishda 3 va 5-o‘rinlarni egallagan.
FIN TA’LIM TIZIMI
Finlyandiyaning asosiy ta’lim to‘g‘risidagi qonunida (1998 yil) Finlyandiya ta’limining uchta asosiy maqsadi belgilab berilgan: (1) o‘quvchilarga hayotda zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni berish, (2) jamiyatda rivojlanish va tenglikni targ‘ib qilish hamda (3) butun mamlakat bo‘ylab ta’lim sohasida tenglikni ta’minlash.
Finlyandiya aholisi bugungi kunda 5,5 mln. kishini tashkil etadi va mamlakatda mavjud 2341 ta umumta’lim maktablarida taxminan 560500 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Maktablarda haftasiga 5 kunlik o‘qish joriy etilgan. Barcha maktablar bir xil mavqega ega, bolalar qobiliyatiga ko‘ra turli sinf yoki ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga ajratib o‘qitilmaydi.
Fin maktablarida boshlang‘ich ta’lim 6 yil davom etadi va 3-sinfgacha bolalarga baho qo‘yilmaydi, o‘qituvchilar tomonidan uyga vazifa deyarli berilmaydi, 2017 yildan aksariyat maktablar dars vaqtida “ruchkadan voz kechishgan” va dars jarayonida to‘liq kompyuter va planshetlardan foydalaniladi.

Finlyandiya ta’lim tizimi ikki bosqichli ma’muriy tuzilishga ega: Ta’lim va madaniyat vazirligi (Ministry of Education and Culture)hamda vazirlik huzurida faoliyat yuritadigan, lekin o‘z faoliyatida mustaqil Milliy ta’lim agentligi(Finnish National Agency for Education).
Agentlik maktabgacha va maktab ta’limini, vazirlik esa oliy ta’lim tizimini boshqaradi.
Finlyandiya ta’lim siyosatida uchta muhim tamoyil mavjudligini ta’kidlash mumkin: bilimga asoslangan jamiyat haqidagi qarashlarni qo‘llab-quvvatlash, ta’lim tengligini ta’minlash va mahalliy hokimiyat vakolatlarini kuchaytirish. Mahalliy hokimiyat vakolatlarini kuchaytirish jarayonini o‘tgan asrning 70 yillaridan 2000 yillarga qadar Finlyandiya ta’lim tizimidagi eng muhim o‘zgarishlardan biri sifatida ta’kidlash mumkin.
Ta’lim muassasalarini boshqarish asosan mahalliy hokimiyatlar tomonidan amalga oshiriladi. Ta’lim muassasasi faoliyatiga deyarli hech kim aralashmaydi. Finlyandiya ta’lim tizimining yana bir tamoyili bo‘lgan ishonch madaniyati tufayli maktablarga tekshiruv tashriflari yo‘q.
Finlyandiya ta’lim tizimining asosini quyidagi 7 ta tamoyil tashkil etadi deyish mumkin:
|
|
- Tenglik - Finlyandiyadagi barcha maktablar o‘quvchilarga bir xil sharoit va bir xil ta’lim tizimini taqdim etadi.
- Bepul ta’lim - bepul ta’lim berish bilan birgalikda o‘quvchilarga barcha o‘quv jihozlari va tushlik ham bepul taqdim etiladi.
- Individuallik – darslarni o‘zlashtirishi qiyin bo‘lgan o‘quvchilar bilan o‘qituvchilar yoki yaxshi o‘zlashtirgan o‘quvchilar alohida shug‘ullanishadi. Finlyandiyada o‘quvchilar qo‘shimcha darslarga qoldirilmaydi.
- Amaliylik – o‘quvchilarni imtihonga emas balki hayotga tayyorlash. Darslarda o‘quvchilar, masalan, viza kartadan qanday foydalanish, shartnomalar tuzish, saytlar yaratish, tikish, ovqat pishirish, marketing va sotuv ishlari bilan shug‘ullanish kabi amaliy ishlar bilan shug‘ullanadilar.
- Ishonch va o‘qituvchilar salohiyati – barcha maktablardagi o‘qituvchilar magistratura darajasiga ega bo‘lishlari shart. O‘quvchilarga uy vazifasi deyarli berilmaydi, ota-onalar farzandlari bilan uyda shug‘ullanmaydi va o‘qituvchilarning o‘quvchilarni hayotga tayyorlashiga to‘liq ishonishadi.
- Ixtiyoriylik – dars jarayonida qay darajada ishtirok etish o‘quvchilar ixtiyorida. O‘qituvchilar o‘quvchilarni darsga qiziqtira olmasalar o‘quvchilar sinfni tark etishi yoki o‘zlari yoqtirgan boshqa biror mashg‘ulot bilan shug‘ullanishlari mumkin.
- Mustaqillik – fin ta’lim tizimida o‘qituvchilar o‘quvchilarni imkon qadar o‘zlari bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirishlari kerakligiga yo‘naltiradi. Bilimlarni hayotda qanday tatbiq etish ko‘nikmalari amaliy mashg‘ulotlar yordamida shakllantiriladi. O‘quvchilarning har qanday fikrlari inobatga olinadi va qo‘llab quvvatlanadi.
Finlyandiya ta’limining muhim xususiyatlaridan yana biri shundaki, u barcha darajalarda,ya’ni maktabgacha ta’limdan oliy ta’limga qadar to‘liq bepul ta’lim olishni ta’minlaydi. Shuningdek, barcha o‘quv materiallari, darsliklar, sog‘liqni saqlash xizmatlari va maktabga qatnash transport xizmatlari ham bepul amalga oshiriladi hamda boshlang‘ich va o‘rta ta’limda barcha o‘quvchilarga maktablarda bepul tushlik beriladi.
Finlyandiyada o‘n yillik majburiy ta’lim davomida milliy imtihon yo‘q. Barcha maktablarda bir xil ta’lim beriladi, o‘quvchilar muvaffaqiyatiga qarab turli maktablarga birlashtirilmaydi va deyarli barcha o‘quvchilar uylari yaqinidagi maktabga borishadi.
Finlyandiya ta’lim tizimi vajamiyati o‘qituvchilarning malakasiga tayanadi.Finlyandiya ta’limini baholash markazi ta’limdagi baholashni butun mamlakat bo‘ylab olib boradi. Baholashlarning asosiy maqsadi ta’lim sohasidagi manfaatdor tomonlarni tegishli fikr-mulohazalar bilan ta’minlashdir va ular o‘qituvchilarga tekshiruv tashriflarini o‘z ichiga olmaydi.
FINLYANDIYA MUVAFFAQIYATINING SABABLARI
Finlyandiya ta’lim tizimining muvaffaqiyati bir qancha omillar tizimidan tarkib topgan va bunda o‘qituvchilarning salohiyati ushbu tizimning eng muhim omili hisoblanadi.
Shuningdek, ta’limda teng sharoitlar, uzoq muddatli ta’lim siyosati, ishonch madaniyati va mustaqil ta’lim olish odatiga urg‘u berish bu muvaffaqiyatning boshqa sabablari hisoblanadi. O‘qituvchilar va o‘quvchilar o‘rtasidagi yuqori darajadagi hamkorlik ta’lim tizimining uzluksiz ishlashiga yordam beradi.
Finlyandiya qirq yildan ziyod vaqt mobaynida keng qamrovli va uzoq muddatli ta’lim islohotini olib bormoqda. Finlyandiyaning muvaffaqiyati izchil va uzoq muddatli ta’lim islohoti bilan chambarchas bog‘liq. Ikkinchidan, Finlyandiya muvaffaqiyatining sabablarini o‘rganayotgan ko‘plab tadqiqotchilar, bir-biriga bog‘liq bo‘lgan turli xil omillarga asoslanishini ta’kidlaydilar. Ularni uch guruhga ajratish mumkin: o‘qituvchilar salohiyati, ta’lim siyosati va fin madaniyatibilan bog‘liq omillar.
O‘qituvchilarning yuqori salohiyati birinchi navbatda o‘qituvchilarni tayyorlash bo‘yicha o‘qitish dasturlariga bog‘liqdir. Eng yaxshi o‘rta maktab bitiruvchilari bo‘lajak o‘qituvchi sifatida tanlab olinadi.Yuqori malakali o‘qituvchilar Finlyandiya ta’lim tizimi muvaffaqiyatiga ta’sir ko‘rsatadigan bosh omil deyish mumkin.
Bo‘lajak o‘qituvchilar uchun alohida o‘quv maktablari belgilanadi va ular odatda o‘quv vaqtlarining 10-15 foizini ushbu maktablarda o‘tkazadilar. O‘quv maktablari talaba-o‘qituvchilarga barcha kerakli o‘quv materiallari bilan ta’minlangan alohida xona ajratib beradilar. Talaba-o‘qituvchilar dars jarayonlarini kuzatish bilan birgalikda ta’lim jarayonida ham faol qatnashib, katta tajriba to‘plashadi hamda maktab jamoasi va o‘quvchilar ham ulardan juda foydali yordam olishadi.
O‘qituvchilarning ta’lim tizimidagi moslashuvchanligi va mustaqilligi ham ta’lim sifatini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. O‘qituvchilar malaka oshirish kursiga qo‘shilishni xohlasa, ma’muriyat ularni doimo qo‘llab-quvvatlaydi. O‘qituvchilardan faqatgina malaka oshirish dasturida o‘rgangan narsalarini maktabdagi boshqa o‘qituvchilar bilan bo‘lishishi so‘raladi.
Ikkinchi guruh sifatida qayd etilgan Finlyandiya ta’lim siyosatining to‘rtta muhim jihatiga e’tibor qaratish lozim. Ularga izchil va uzoq muddatli siyosat, bilimga asoslangan jamiyatga sodiqlik, ta’lim tengligi va mahalliy hokimiyatning ta’lim sohasidagi vakolatlarini kengaytirishlar kiradi. Mazkur to‘rtta jihat 1970 yillardan beri muvaffaqiyatli ta’lim islohoti asoslarini tashkil etdi, natijada kuchli ta’lim tizimi yaratildi.
Ta’lim siyosati bilan bog‘liq yana bir jihat - bu ta’lim muassasalariga nisbatan markaziy va mahalliy boshqaruvning balansidir. Qaror qabul qilish jarayonida mahalliy hokimiyat organlari, maktablar va o‘qituvchilar mustaqillikka ega, bu o‘z navbatida ularga o‘quv jarayonlarini samarali tashkil etish uchun katta mas’uliyat yuklaydi.

Uchinchi omillar guruhi sifatida fin madaniyati bilan bog‘liq omillar qayd etilgan. Bularning birinchisi - ishonch madaniyati, ya’ni ta’lim muassasalariga va xususan, o‘qituvchilarga bo‘lgan yuksak ishonch. Ikkinchisi – Finlyandiya jamiyatida va xalq madaniyatida o‘qituvchilik eng obro‘li va yuqori baholanadigan kasblardan biri hisoblanadi.
Ta’lim tizimi tomonidan beriladigan o‘qituvchilarning avtonomligi bu kasbni fin xalqi uchun yanada jozibali qiladi. O‘qituvchilar yuqori salohiyatga egaligi, shubhasiz, fin o‘quvchilari muvaffaqiyatining eng asosiy elementlaridan biridir.
Maktab ma’muriyati va ota-onalar o‘qituvchilarning o‘z vazifasiga katta mas’uliyat bilan yondashishlariga qattiq ishonadilar. Shuningdek, Finlyandiya ta’lim tizimida barchaning tenglik tamoyili juda qadrlanadi, alohida ehtiyojlari bo‘lgan o‘quvchilar uchun qo‘shimcha kuch va mablag‘ sarflanadi.
Finlyandiyada ta’lim islohotlarining muvaffaqiyatida fin xalqining o‘zaro tenglik va hamkorlik qadriyati, shuningdek, ta’lim tizimi va boshqa ijtimoiy xizmatlar o‘rtasida jamiyatda ijtimoiy adolatni ta’minlash bo‘yicha yuqori darajadagi hamkorlikning mavjudligi va ularning yagona uyg‘unlikda faoliyat ko‘rsatishi ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Bundan tashqari, Finlyandiya muvaffaqiyatining sabablari haqida gapirar ekanmiz, ushbu yutuqning yana bir tomoni Finlyandiya ta’limida nimaga urg‘u berilsaPISA dasturidagi baholashlar ham aynan shular bilan chambarchas bog‘liq. Ya’ni o‘quvchilarga faqat bilim berish o‘rniga, savodxonlik qobiliyatlarini rivojlantirish Finlyandiya ta’limining markazida turadi, bu fin o‘quvchilariga PISA kabi savodxonlikka yo‘naltirilgan baholash tizimida ustunlik beradi.
O‘qituvchilarning yuqori salohiyatga ega ekanligi fin ta’lim muassasalarining muvaffaqiyatga erishishidagi navbatdagi eng muhim omillardan biri hisoblanadi. Sinf rahbarlari ham, fan o‘qituvchilari ham o‘qitadigan fan mazmunini juda yaxshi bilishadi va o‘quvchilarning sinflarda faol bo‘lishlari uchun turli xil o‘qitish metodikalaridan foydalanadilar. Shuningdek, ular bilimlarni tushuntirish uchun ko‘plab kundalik hayotiy misollardan foydalanadilar.
Bundan tashqari, fin jamiyatida mavjud yuqori saviyadagi kitobxonlik madaniyati ham o‘quvchilarning muvaffaqiyatiga bevosita ta’sir qiladi. Finlyandiyada kutubxonalar tarmog‘i juda zich joylashgan va ular doimo gavjum.
Xulosa qilib aytganda, Finlyandiya ta’lim tizimining muvaffaqiyati fin xalqining qadriyatlari va madaniyat bilan chambarchas bog‘liq. Finlyandiya muvaffaqiyatidan saboq olish, ta’lim tizimini chuqur o‘rgangan holda undagi muhim jihatlarni o‘zimizgamoslashtirgan holda foydalanishimiz zarur.
XULOSA VA TAKLIFLAR
Finlyandiya ta’lim tizimini batafsil tahlil qilish orqali ko‘plab xulosa va takliflar ishlab chiqish mumkin. Ulardan ba’zilari quyidagilar:
• Finlyandiya muvaffaqiyatini bitta omil yordamida tushuntirish mumkin emas, chunki bir-biri bilan juda bog‘liq bo‘lgan omillar tarmog‘i mavjud;
• Har qanday ta’lim islohoti uzoq muddatli siyosatni talab qiladi;
• Fin xalqining asosiy qadriyatlari Finlyandiyada ta’lim muvaffaqiyatining muhim qismidir.
Tenglik va hamkorlik Finlyandiya ta’lim tizimini hamjihatlikda ishlashga majbur qiladi.
• O‘qituvchilarning salohiyati eng muhim omil va bu boshqa ko‘plab omillar bilan, masalan, o‘qituvchilarni tayyorlash ta’lim sifati, o‘qituvchilik kasbining jamiyatdagi obro‘si va o‘qituvchilarning mehnat sharoitlari bilan bog‘liq.
• Turli xil madaniyat va qadriyatlarga ega bo‘lgan va yuqori natijalarga erishgan mamlakatlarningPISA dasturidagi muvaffaqiyatlariga ta’sir qiluvchi omillar bo‘yicha taqqoslash qaysi madaniy sharoitda qaysi omillar ishlashini aniqlashga katta yordam berishi mumkin.
Ushbu ma’lumotlar internet ma’lumotlari asosida tayyorlangan bo‘lib, Prezidentimizning qaroriga asosan Finlyandiyaning ta’lim sohasidagi ijobiy tajribasini, shu jumladan o‘quv dasturlari, darsliklari, o‘qitish metodikalari va pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi joyiga borgan holda o‘rganish belgilangan.
X.Daminov,
Xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish
Milliy markazi direktori o‘rinbosari.
Z.Qosimova,
Xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish
Milliy markazi bosh mutaxassisi