Filmning tasvirga olish ishlari yakunlandi
Jizzax viloyat teleradiokanalida yangi kinoloyiha — taniqli yozuvchi Javlon Jovliyevning “Ayol” hikoyasi asosida suratga olinayotgan shu nomdagi qisqa metrajli filmning tasvirga olish ishlari yakunlandi.
Inson taqdiri, ayniqsa, ayol qalbida kechadigan og‘riq va iztiroblar hamisha katta adabiyot va san’atning e’tibor markazida bo‘lib kelgan. Mazkur filmda ham ayolning jamiyatdagi o‘rni, oiladagi mavqei, yaqinlarining e’tiborsizligi tufayli duch keladigan ruhiy sinovlari va shunday murakkab vaziyatlarda namoyon bo‘ladigan sabr-matonati ta’sirchan talqin etilgan.

Ssenariy muallifi Said Donish, rejissyor Ravshan Yo‘ldoshev hamda kartina direktori Dilshod Jo‘rayev ijodiy hamkorligida yaratilgan filmda voqealar orqali tomoshabin qalbiga yaqin, hayotning o‘zida uchraydigan holatlar qalamga olingan. Asarning psixologik teranligi esa inson munosabatlari, mehr-e’tibor va oilaviy qadriyatlar haqida mushohada yuritishga undaydi.
Kinoloyihadagi bosh va asosiy rollarni Jizzax viloyati musiqali drama teatrining mahoratli aktyorlari ijro etishdi. Ularning sahnaviy tajribasi va ijodiy mahorati qahramonlar fe’l-atvorini ekran tilida ishonarli ifodalashga xizmat qilgan.

Ijodiy jamoa oldida turgan navbatdagi vazifa — filmni montaj va boshqa yakuniy jarayonlardan o‘tkazib, tomoshabin hukmiga havola etish. Chuqur mazmun va ta’sirchan syujetga ega mazkur kinokartina premerasini joriy yilning sentabr–oktabr oylarida keng jamoatchilikka taqdim etish rejalashtirilgan.

Ehtimol, ekrandagi bir ayol taqdiri orqali har bir tomoshabin o‘z hayoti, o‘z yaqinlari va insonga berilgan e’tiborning nechog‘liq qimmat ekani haqida o‘ylab qolar. Zero, ba’zan san’atning eng katta vazifasi — tayyor javob berish emas, insonni o‘ziga savol berishga chorlashdir.
Abdujalol Qayumov,O‘zA muxbiri