“Metallurg” MSda joriy yilning 28 iyun kuni davlatimiz rahbari tashabbusi bilan suratga olingan “Bahodir Yalangto‘sh” tarixiy-badiiy filmining premerasi bo‘lib o‘tdi.
OKMK rahbariyati tashabbusi bilan tashkil etilgan kino premerasida kino ijodkorlari ham ishtirok etdi. Jumladan, ushbu tarixiy-badiiy filmda bosh rolni ijro etgan sportchi va aktyor Habibulla Nizomov tomoshabinlarga filmni suratga olish jarayoni haqida batafsil ma’lumot berdi.
Film Registon majmuasi bunyodkori, Samarqandga hokimlik qilgan sarkarda Bahodir Yalangto‘shning hayot yo‘li va faoliyati to‘g‘risida bo‘lib, unda asosan Yalangto‘shning mohir harbiy sarkardaligi hamda uning saroyida bo‘ladigan fitnalarga urg‘u berilgan. Mazkur film rejissyor Jahongir Ahmedov tomonidan uch yil davomida suratga olingan va bu jarayonlarda katta jamoa ishlagan.
Tadbir davomida kinoijodkorlarga kombinat rahbariyati va ishchi-xodimlari nomidan minnatdorchilik bildirilib, esdalik sovg‘alari berildi.
Kino ijodkorlar shu kuni kombinat muzeyi va Qalmoqqir va Yoshlik-1 konlarida bo‘lib kombinat faoliyati bilan tanishishdi.
“Bahodir Yalangto‘sh” tarixiy-badiiy filmi kombinat ishchi-xodimlarida katta taassurot qoldirdi.
– O‘zbek rejissyorlarimiz ham mana shunday tarixiy kinolarni suratga olishini ko‘rib xursand bo‘ldim, – deydi Dilorom Urasheva. – Bu o‘zbek kinosining yutug‘i deb, o‘ylayman. Kino orqali buyuk ajdodimiz Bahodir Yalangto‘sh haqida ma’lumotga ega bo‘ldim. Ayniqsa, har bir aktyor o‘z rolini zo‘r mahorat bilan ijro etgan. Kino premera namoyishi uchun tashkilotchilarga minnatdorlik bildiraman.
OKMK Axborot xizmati