FIFA Janni Infantinoning ehtimoliy iste’fosi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi
FIFA prezidenti a’zo assotsiatsiyalar tomonidan demokratik yo‘l bilan saylangan va ularning mandati asosida o‘z vazifasini bajarishda davom etmoqda.
FIFA tashkilot prezidenti Janni Infantinoning ehtimoliy iste’fosi haqidagi xabarlar fonida rasmiy bayonot e’lon qildi.
«KONMEBOL va CAFning so‘nggi bayonotlari, shuningdek, FIFAga a’zo assotsiatsiyalar va butun dunyodagi konfederatsiyalar bilan olib borilgan muzokaralarni inobatga olgan holda, FIFA prezidentlik saylovlariga doir tashkilot nizomi, demokratik tartiblar va belgilangan boshqaruv tizimiga zid bo‘lgan hech qanday jarayonni qo‘llab-quvvatlamaydi yoki unga yo‘l qo‘ymaydi.
FIFA prezidenti a’zo assotsiatsiyalar tomonidan demokratik yo‘l bilan saylangan va ularning mandati asosida o‘z vazifasini bajarishda davom etmoqda.
Ayrim tomonlarning FIFA va uning prezidenti obro‘siga putur yetkazishga qaratilgan maqsadli va davomli urinishlari tobora yaqqol ko‘rinmoqda. A’zo assotsiatsiyalar qo‘llab-quvvatloviga ega bo‘lmaganlar demokratik jarayonlar orqali erisha olmagan maqsadlariga ayblovlar, ishoralar yoki yolg‘on ma’lumotlar orqali erishishga urinmasligi kerak.
So‘nggi xabarlarda FIFA va uning prezidentiga nisbatan asossiz da’volar hamda yolg‘on bayonotlar tarqaldi. Taxmin va ishoralarni fakt sifatida taqdim etish mumkin emas. Bir da’voning qayta-qayta takrorlanishi uni haqiqatga aylantirmaydi.
FIFA prezidenti professional faoliyatining 30 yildan ortiq qismini Yevropa va jahon futboliga bag‘ishlagan. U futbolning rivojlanishi, imkoniyatlar va resurslarning butun dunyo bo‘ylab kengayishiga katta hissa qo‘shgan.
FIFA qonuniy nazorat va tekshiruvlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Biroq bu faktlarni buzib ko‘rsatish, asossiz ayblovlarni kuchaytirish yoki tashkilot taraqqiyotiga to‘sqinlik qilishga urinish uchun asos bo‘la olmaydi. Noto‘g‘ri yoki chalg‘ituvchi ma’lumotlar tarqalganda, FIFA ularga qat’iy javob beradi.
FIFA 211 ta a’zo assotsiatsiya va butun dunyo futboli oldida mas’uldir. Biz tashkilotni mustahkamlash, a’zo assotsiatsiyalar manfaatlari uchun ishlash va futbolni chinakam global sport turiga aylantirish yo‘lidagi faoliyatimizdan chalg‘imaymiz», — deyiladi FIFA bayonotida.
Avvalroq UEFA Janni Infantinoning jahon chempionati huquqlarining bir qismini xususiy investorlarga sotish rejasi sabab JCH-2030ni boykot qilish ehtimoli haqida bayonot bergan edi.
Keyinchalik OAVda Infantino UEFA bosh kotibi bo‘lib ishlagan davrda u bilan yaqin munosabatda bo‘lgani aytilayotgan sobiq xodimaga kompensatsiya to‘langani haqidagi xabarlar ham tarqaldi.