Fidoyilik va sadoqat shiori ostida
Munosabat
Prezidentimizning O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Yangi yil bayram tabrigini katta qiziqish va hayajon bilan kutib oldik. O‘tgan yil davomida erishilgan natijalar va 2025 yilda mamlakatimiz oldida turgan strategik maqsadlar ko‘rsatib berilgan tabrikda, jahonda ro‘y berayotgan murakkab vaziyatga qaramasdan, yurtimizda yil barakali bo‘lgani, mehnatkash xalqimizning fidokorona mehnati, siyosiy-ijtimoiy faolligi bilan Yangi O‘zbekiston g‘oyasini real voqelikka aylanayotgani qayd etildi.
Tabrikda tomonidan ijtimoiy sohaga, ayniqsa, ta’lim tizimiga alohida urg‘u berilgani, bu borada aniq vazifalarni bayon etilgani soha rivojida katta ahamiyat kasb etishi shubhasiz.

2025 yilda stipendiyalar miqdorini oshirilishi, yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunar egalari, barkamol bo‘lib tarbiya topishlari uchun bor kuch va imkoniyatlarni safarbar etilishi, ilm-fan, ta’lim, madaniyat va san’at, sport sohalariga e’tibor yanada kuchaytirilishi ustuvor vazifalar etib belgilandi.
Hozirgi kunda Namangan davlat universiteti jamoasi ham mazkur vazifalarni ijrosini ta’minlash bo‘yicha 2024 yil davomida bir qator natijalarga erishdi hamda 2025 yilda natijalarni yanada yaxshilash bo‘yicha aniq maqsadlarni belgilab oldi.
Jumladan, yakunlangan yilda universitet talabalari xalqaro va respublika miqyosida o‘tkazilgan 41 ta tanlov va musobaqalarda qatnashib, 39 tasida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Talabalarning yil davomida sport sohasida erishgan g‘alabalari ham e’tirof etishga arzirli. Xususan, yil davomida 100 nafardan ortiq talaba sportning 10 ta turi bo‘yicha O‘zbekiston, Osiyo va jahon chempionatlari, O‘zbekiston va Osiyo kubogi musobaqalarida oltin va kumush medallarga sazovor bo‘ldi.
Universitet jamoasining “Zakovat” intellektual o‘yinlarida ishtirok etishi bo‘yicha ham alohida tajriba maktabi yaratildi. Jumladan, jamoamiz vodiy oliygohlari talabalari o‘rtasidagi bahslarda muntazam g‘olib chiqayotgan bo‘lsa, respublika miqyosida kuchli uchlikda e’tirof etilib kelinmoqda. Yil so‘ngidagi “Intellektual olimpiada” o‘yinlarida ham erudit-kvartet bahslarida ikkinchi o‘rin va 60 million so‘m miqdoridagi pul mukofotiga loyiq ko‘rildi.
Universitetda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish, xususan, talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ular iste’dodini yuzaga chiqarish, intilishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Kuzatuv kengashi qarori asosida “Iste’dodli talabalar bilan ishlash bo‘limi” tashkil etildi. Ushbu bo‘lim tomonidan 69 ta yangi to‘garaklar tashkil qilinib, qo‘shimcha 1800 nafar talaba jalb qilindi.
Oliygohimizda talabalarni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha ham ijobiy ishlar amalga oshirildi. 2024 yil davomida ijara huquqi asosida yashayotgan 1200 nafardan ortiq talabaning 1,2 milliard so‘m ijara pullari qoplab berilgan bo‘lsa, 300 nafardan ortiq iste’dodli talaba 1,1 milliard so‘m miqdorida moddiy rag‘batlantirildi. 2025 yilda bu ko‘rsatkichni yanada oshirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, 2025 yil davomida talabalarni to‘liq turar joy bilan ta’minlash rejasi amalga oshiriladi. 95 milliard so‘m byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga 1200 o‘rinli uchta zamonaviy yangi talabalar turar joyi binosi qurilib, foydalanishga topshiriladi. Natijada talabalarni turar joy bilan qamrab olish 100 foizga bajariladi.
Universitetimizda 400 o‘rinli transformatsion xususiyatga ega bo‘lgan “Ma’naviyat va madaniyat markazi” loyihasi amalga oshiriladi. Markazda talaba-yoshlar ijodiy salohiyatini yuksaltirish uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratiladi hamda maqom, raqs, vokal va cholg‘u to‘garaklari faoliyat olib boradi.
Qolaversa, universitet talabalar turar joyi hududida yopiq mini futbol maydoni, voleybol va basketbolga ixtisoslashgan universal sport maydonchasi, paralimpiya yo‘nalishlari inobatga olingan zamonaviy usti yopiq vorkaut maydonchasining qurilish ishlari nihoyasiga yetkaziladi.
Bir so‘z bilan aytganda, Namangan davlat universiteti professor-o‘qituvchilar va talabalar jamoasini mamlakatimizda “Inson qadri uchun, inson baxti uchun!”, degan olijanob maqsadni amalga oshirishda bir tan bir jon bo‘lib, fidoyilik va sadoqat namunasini ko‘rsatishiga ishonamiz.
Narimon Dehqonov,
Namangan davlat universiteti birinchi prorektori,
xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi deputati.
O‘zA