Fidoyi mehnat ortidagi yuksak izzat
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 34 yillik bayrami “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ Markaziy kon boshqarmasi Tarmoqlar va podstansiyalar sexi 7-Gidrometallurgiya zavodi Yuqori kuchlanishli uchastka ustasi Lochin Xidirovga ham qo‘shaloq bayram bo‘ldi.
– Har gal rahbariyatimiz tomonidan mening ish faoliyatimni alohida ta’kidlab, yosh ishchilarga namuna qilib ko‘rsatganda tanlagan kasbimdan yanada faxrlanib ketaman, – deydi Lochin Xidirov. – Bir umr halol mehnat ortidan kun kechirgan otamning pand-nasihatlari yodimga tushaveradi. Hayotda hamisha to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatganliklari sabab bugun jamiyatda o‘z o‘rnim bor. Samarali mehnatim va kombinatimiz rivojiga qo‘shgan hissam uchun 2008 yilda “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan bo‘lsam, mustaqilligimizning 34 yilligi arafasida kamtarona mehnatim yana bir bor davlatimiz va kombinatimiz rahbariyati tomonidan munosib baholanib “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandim. Bu mukofotlar faqat mening yutug‘im emas, balki butun jamoamiz mehnatining samarasidir. Har bir ishda vijdonan yondashish, halollik va mas’uliyatlilik bizni yuksak cho‘qqilar sari yetaklaydi. Bugungi kun yoshlari shu yo‘ldan olg‘a qadam tashlasa, ularga ham yurtimizda keng imkoniyatlar eshigi ochiladi.

Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida 1976 yilda tug‘ilgan Lochin Xidirov o‘z hayotini mehnat bilan bezagan insonlardandir. Yoshligidan texnika va amaliy bilimlarga qiziqqan qahramonimiz, 1991-1993 yillarda Qiziltepa tumanidagi 37-qishloq xo‘jalik kasb-hunar texnika bilim yurtida tahsil olgan. Shu yerda olgan saboqlari uning hayot yo‘lida mustahkam poydevor bo‘ldi. Ta’limdan so‘ng, 1993 yilda ilk mehnat faoliyatini “Agropromstroyremont” korxonasida avtomobillarni ta’mirlovchi chilangar sifatida boshlagan. Oradan bir yil o‘tib “NKMK” AJ Zarafshon qurilish boshqarmasi Mexanizatsiyalashgan ishlar uchastkasida shu yo‘nalishda faoliyat olib borgan. Mana 30 yildan ortiq vaqt mobaynida u Markaziy kon boshqarmasining Tarmoqlar va podstansiyalar sexida ishlab kelmoqda. Mazkur korxona Zarafshon shahri hamda kon boshqarmasi sanoat maydonlarini ishonchli elektr energiyasi bilan ta’minlaydi. Shu bilan birga bir necha ming kilometr kabel va havo liniyalari, o‘nlab transformator podstansiyalariga xizmat ko‘rsatadi. Bu esa ishchi-xodimlardan o‘ziga yarasha mahorat va yuksak malaka talab etadi. Qahramonimiz faoliyat yuritayotgan uchastka esa 7-Gidrometallurgiya zavodida joylashgan. Uning uchastka ustasi sifatida asosiy vazifasi elektrostansiyalarda, transformatorli elektropodstansiyalarda, elektr tarmoqlarida operativ qayta ulash bilan kuchlanishdan ularni to‘liq o‘chirish, 1000 V yuqori bo‘lgan kuchlanishdagi simlarni kavsharlash va izolyatsiyalash, biriktirish va ajratish, elektromagnitli va elektrodinamik tizimlar, elektr asboblariga xizmat ko‘rsatish, sozlash, yig‘ish bo‘yicha ishlarning xato va kamchiliklarsiz hamda texnika xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda bajarilishini nazorat qilishdan iborat.
Ishda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik, favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilish zarur, deya ta’kidlaydi qahramonimiz. Korxonada diagnostik asbob-uskunalar, ya’ni dinamometr, avtoskaner va boshqalar yordamida buning chora-tadbirlarini ishlab chiqib, amalda tatbiq etadi va shogirdlaridan ham shuni talab etadi. Inson nafaqat qo‘l ostidagilarga, balki o‘ziga nisbatan ham talabchan bo‘lmog‘i lozim, deb hisoblaydi.
L.Xidirov ish faoliyati davomida o‘zini malakali mutaxassis, ilg‘or tashkilotchi sifatida ko‘rsatib, o‘ziga hamda ishchi-xodimlarga nisbatan juda mas’uliyatli, talabchan rahbar. Bosib o‘tgan hayot yo‘lidan mamnun ekanligi yuz-ko‘zida zohir bo‘lgan Lochin aka “Mehnatdan kelsa boylik, turmush bo‘lar chiroylik” degan naqlga amal qilgan holda тuрмuш o‘rtog‘i Nilufar opa bilan birga 4 nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazgan. Farzandlarining ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor qaratib, ularni oliy ma’lumotli qildi. Katta farzandi Sabina onasi kabi o‘qituvchilik kasbini tanlab, shu sohada o‘z faoliyatini olib bormoqda. O‘g‘li Elchin esa ayni vaqtda Italiya davlatida “Huquq va davlat boshqaruvi” yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olmoqda. Kichik farzandlari Sabrina Navoiy shahridagi 6-sonli maktab o‘quvchisi bo‘lsa, kenjatoyi Elshod Navoiy shahridagi 1-ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘quvchisi.
Qahramonimiz o‘z hayotini mehnat bilan bezagan, halolligi va fidoyiligi bilan yuksak maqomga erishgan inson. Uning hayoti va faoliyati kon boshqarmasidagi har bir yosh mutaxassis kadrlar uchun ibratdir. Mehnatsevar, fidoyi inson sifatida u nafaqat ishchi-xodimlar orasida, balki butun jamoada obro‘-e’tiborga ega. “Shuhrat” medali va “Mehnat shuhrati” ordeni egasi bo‘lgan Lochin akani kon boshqarmasidagi halol mehnati, sadoqati, vatanga bo‘lgan cheksiz muhabbati va kombinatimiz rivojiga qo‘shgan hissasi uning nomini yuksaltirdi, desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi.
Kombinatimiz taraqqiyotida mehnatkash insonlarning o‘rni beqiyos. Shu bois qahramonimiz Lochin Xidirov kabi fidoyi insonlar haqida so‘z yuritish, ularga hurmat, kelajak avlodlar uchun ibratdir.
Aziza Irisova, MKB muxbiri.
O‘zA