Fidokorona mehnatning e’tirofi
Inson qadri ulug‘lanayotgan bugungi Yangi O‘zbekistonda shu aziz Vatanimiz ravnaqi, xalq farovonligi, yurtimiz tinchligi va yanada gullab-yashnashi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatib kelayotganlar alohida ehtirom va e’zozga sazovor bo‘lishmoqda.
Rahbarlik lavozimlarida uzoq yillar samarali faoliyat yuritgan, keksalarni qo‘llab-quvvatlash va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga salmoqli hissa qo‘shayotgan, tabarruk 75 yoshga to‘lgan “Nuroniy” jamg‘armasi Namangan viloyati bo‘limi raisi, Oliy Majlis Senati a’zosi Ikromxon Najmiddinov Prezidentimiz farmoniga asosan “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.


Shu munosabat bilan Namangan shahridagi “Ma’rifat maskani”da bo‘lib o‘tgan tantanali marosim chinakamiga bayram tusiga kirdi. Ushbu muhtasham binoga jam bo‘lgan davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari, viloyat faollari, mehnat faxriylari, mahalla tizimi vakillari, bir guruh yoshlar mamlakatimizda o‘zining jo‘shqin ish faoliyati orqali elu yurt mehrini qozongan fidoyi inson Ikromxon Hoshimxonovichni qutlug‘ yoshi bilan muborakbod etdilar.

1951-yilda Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida tavallud topgan Ikromxon Najmiddinov 1997-1999-yillarda To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi, 2004-2008-yillarda Namangan viloyati hokimi sifatida faoliyat olib borib, hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga katta ulush qo‘shdi. Qolaversa, Respublika qishloq va suv xo‘jaligi vaziri, “O‘zdonmahsulot” davlat aksiyadorlik korporatsiyasi boshqaruv raisi kabi mas’ul vazifalarda ham munosib ish olib bordi.

Katta tajribaga ega bo‘lgan bu insonga O‘zbekiston faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi Namangan viloyat bo‘limiga boshchilik qilish ishonib topshirildi. U viloyat Nuroniylar jamoatchilik kengashi raisi sifatida mahallalarda ma’naviy muhitni mustahkamlash, keksalarning jamiyatdagi o‘rnini yuksaltirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodga har tomonlama tirgak va maslahatgo‘y bo‘lishda salmoqli ishlarni amalga oshirdi.

Ayniqsa, Namangan ahli 2000-yillarda viloyat markazidagi asosiy strategik yo‘l – G‘ishtko‘prik va Chorsu dahalarini bog‘lovchi joyda barpo etilgan katta ko‘prikning bugungi kunda xalqimizga sifatli xizmat ko‘rsatishida Ikromxon Hoshimxonovichning mehnatlari beqiyos bo‘lganini chuqur hurmat bilan e’tirof etadi. Uning yurt rivoji yo‘lidagi mana shunday kamtarona mehnatlari davlatimiz tomonidan munosib e’tirof etilib, “El-yurt hurmati” va “Mehnat shuhrati” ordenlariga loyiq ko‘rilgan.

Tadbirda yubilyarni yuksak mukofot bilan taqdirlash haqidagi Prezident farmoni o‘qib eshittirildi. Respublika “Nuroniy” jamg‘armasi raisi, O‘zbekiston Qahramoni Sodiqjon Turdiyev, Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov Ikromxon Najmiddinovni “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi” faxriy unvoniga munosib ko‘rilganligi bilan samimiy tilaklarini bildirdi.
O‘z navbatida, qutlug‘ sana sohibi ko‘rsatilgan yuksak ehtirom uchun mamlakatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessansga poydevor qo‘yishdagi mas’uliyatli vazifalar ro‘yobi yo‘lida shijoat bilan ishlashda davom etajagini ta’kidladi.
Tantanali marosimda Prezidentning Namangan viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri, viloyatning sobiq hokimi Bahodir Yusupov, Namangan viloyati hokimining ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Iroda Qo‘chqorova, “Nuroniy” jamg‘armasi Uychi tumani bo‘limi raisi Tohirjon Ismatullayev va boshqalar Ikromxon Najmiddinovning mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lidagi fidokorona mehnatlari, elimiz orasidagi obro‘si va insoniy-axloqiy fazilatlarini alohida tilga olishdi.
– Inson umri yosh bilan emas, mazmuni bilan o‘lchanadi. Hayotiy faoliyat mohiyati va mezoni yillar yoki unvonlar bilan emas, balki samaralar, erishilgan zafarlardadir. Ya’ni insondan komil farzand, bilimli shogirdlar va faqat yaxshi ishlar yodgor bo‘lib qolishi hayotning mohiyatini belgilaydi, – deydi Namangan viloyat hokimligi xuzuridagi Fukarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv markazi direktori, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Rahmonjon Egamberdiyev. – Ustozim Ikromxon Hoshimxonovichni bundan 30 yil avval, ya’ni 1996-yildan buyon yaxshi bilaman. Viloyat hokimining o‘rinbosari – viloyat “Istiqbolstat” bosh boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan kezda ustozning yo‘l-yo‘riq va tavsiyalari, ishga juda katta mas’uliyat va qat’iyat bilan yondashishlari menga ulkan saboq, hayot maktabi bo‘lgan.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA