Navoiy shahrida Yoshlar oyligi doirasida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida yoshlar festivali o‘tkazildi.
Yoshlarni jismonan sog‘lom, ma’naviy yetuk insonlar etib tarbiyalash, ularning yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan festivalda viloyat rahbari Normat Tursunov, Yoshlar ishlari agentligi direktori o‘rinbosari Abdulaziz Mo‘minov so‘zga chiqib, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Festival doirasida ma’naviy-ma’rifiy, turli sport tadbirlari tashkil etildi. Jumladan, Alisher Navoiy istirohat bog‘ida yosh tomoshabinlar uchun tarixiy shaxslar obrazlari gavdalantirilgan teatrlashtirilgan tomoshalar, konsert dasturlari, havaskor yoshlar, iste’dod sohiblarining “Tasviriy va amaliy san’at” va “Yosh ixtirochilar va yosh olimlarning ishlanmalari” ko‘rgazmasi, rasmlar tanlovi, “Kitob - eng yaqin do‘st, eng chuqur bilim manbai” shiori ostida arzonlashtirilgan kitob yarmarkasi, Navoiy gidrometallurgiya zavodi hamda Navoiy konchilik va texnologiyalar universitetida “Zakovat” intellektual o‘yini va navoiyxonlik kechalari tashkil etildi.
Shuningdek, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida “Dolzarb - 90 kunlik” tadbirlari doirasida Navoiy shahridagi 23-maktab, Xoncharbog‘ mahallasi, Navoiy shahar Barkamol avlod markazi, “Oftobjon” bolalar oromgohida namunaviy tarzda tadbirlar o‘tkazildi.
[gallery-23917]
Albatta, har bir tadbirni sport musobaqalarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Festival doirasida yoshlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish maqsadida turli sport turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi. Jumladan, “Yoshlik ko‘li” atrofida velomarafon, kurash sport turi bo‘yicha viloyat ochiq chempionati va mashhur sportchilar ishtirokida mahorat darslari, sohil voleyboli, arqon tortish, badminton, armrestling hamda stol tennisi bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarda yoshlar faol ishtirok etishdi.
Kun davomida o‘tkazilgan “Qizlar akademiyasi”, “Mutolaa” marafoni, “UzChess”, “Ibrat Debate”, “Speaking Club”, “Ustoz AI” loyihalari ham yoshlarda katta taassurot qoldirdi.
“Yoshlar oyligi” hamda “Dolzarb 90 kunlik” tadbirlari doirasida aholiga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlash maqsadida “Ot paradi” hamda yurish marafoni o‘tkazildi.
Festival yakunida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida gala-konsert dasturi tashkil etilib, yuqori natijalarga erishgan yoshlar munosib rag‘batlantirildi.
Gala-konsertda san’at ustalari va yosh iste’dod egalari ijrosidagi qo‘shiqlar yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Ta’kidlash kerakki, o‘n minglab yoshlarni bir davraga jamlagan festival tom ma’noda yangi maqsadlar, kelajakka ishonch, shijoat va tashabbuskorlik tantanasiga aylanmoqda.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat),
O‘zA muxbirlari