Festival barcha millatlarni birlashtirdi
Andijon viloyati Bo‘ston tumanida “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” shiori ostida do‘stlik festivali bo‘lib o‘tdi.
“Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida o‘tkazilgan festivalning ochilish marosimida mamlakatimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elatlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, do‘stlik, hamjihatlikka asoslangan munosabatlar shakllanganligi, xususan, yurtimizda yashayotgan barcha millat va elatlarning huquq va erkinliklari qonun yo‘li bilan himoyalanganligi, ularning o‘z ona tillarini o‘rganishlari, an’ana va urf-odatlarini rivojlantirishlari uchun zarur sharoitlar yaratib berilganligi, yurtimizda Xalqlar do‘stligi kuni belgilanib, bayram sifatida keng nishonlanayotganligi ta’kidlandi.
– O‘tkazilayotgan festival yurtimizda, viloyatimizda millatlararo do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qiladi, – deydi Bo‘ston tumani hokimi Sanobarxon Nosirova. – Maqsadimiz O‘zbekistonda yashayotgan barcha millat va elatlarni Ona Vatanimiz tinchligi, ravnaqini ta’minlash yo‘lida birlashtirishdir.
[gallery-8383]
Festivalda o‘zbek, qirg‘iz, rus, tojik va boshqa millat vakillari tomonidan milliy an’analar, libos va taomlar ko‘rgazmalari namoyish etildi. Turli tillarda ijro etilgan qo‘shiq, kuy va raqslar ishtirokchilarga xush va bayramona kayfiyat ulashdi.
Tadbir so‘nggida jamiyatimiz rivoji va millatlararo do‘stlikni mustahkamlash ishiga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh turli millat vakillariga “Mahalla” xayriya jamoat fondining esdalik sovg‘alari topshirildi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (foto), O‘zA