Feruza Eshmatova: Nogironligi bo‘lgan shaxslarni kamsitishga yo‘l qo‘yilmaydi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda “Inklyuziv nogironlik va gender-sezgir muloqot” mavzusida seminar o‘tkazildi.
Ombudsman Feruza Eshmatova mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Ularga teng sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning kamsitilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shu nuqtayi nazardan, Ombudsman nogironligi bo‘lgan shaxslar murojaatlarini ko‘rib chiqish va ular huquqlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratayotir.

Ombudsmanga 2023-yilda nogironligi bo‘lgan shaxslardan 133 murojaat kelib tushgan. Nazoratga olingan murojaatlarning aksariyati ijobiy hal qilinib, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari tiklangan.
Murojaatlarda nogironlik guruhini belgilash, uni qayta ko‘rib chiqish, moddiy yordam ko‘rsatish hamda ijtimoiy imtiyozlar tatbiq etish masalalari ko‘tarilgan.
2023-yilda BMTning tegishli qo‘mitasiga Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning ijro etilishi bo‘yicha Ombudsman ma’ruzasi kiritilgan.

Joriy yil jamiyatda nogironligi bo‘lgan bolalarning huquq sohasiga bo‘lgan qiziqishini hamda bilimlarini oshirishga qaratilgan "Huquq bilimdoni" viktorinasi o‘tkazildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili hamda Kasaba uyushmalari federatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan viktorinada Toshkent va Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahrida joylashgan tayanch harakati shikastlangan bolalar uchun maktab-internatlarning 750 nafarga yaqin o‘quvchilari qamrab olindi.

Tadbirda Ombudsmanning nogironligi bo‘lgan shaxslarga teng imkoniyatlar yaratish borasidagi o‘rganishlari, harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarni imkoniyati cheklangan shaxslarga moslashtirish bo‘yicha Ombudsman tashabbusi bilan ishlab chiqilgan yo‘l xaritasi va uning amalga oshirilishi holati haqida so‘z bordi.
Seminar interaktiv usulda tashkil etildi. Ishtirokchilar nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari, ular bilan samarali kommunikatsiya o‘rnatish usullari, jamiyatdagi va OAVdagi mavjud gender stereotiplar hamda gender-sezgir muloqot uslublari bo‘yicha ko‘plab foydali ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
N.Abduraimova,
O‘zA