Fermerning kirdikori fosh boʻldi
Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyat prokuraturasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer va suv resurslaridan samarali foydalanishda qonunchilik ijrosini taʼminlash maqsadida “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand tumani boʻlimi tomonidan Prezidentimizning 2019-yil 17-iyundagi “Qishloq xoʻjaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosi yuzasidan nazorat tadbiri oʻtkazildi.
Inspeksiya Samarqand viloyati boshqarmasining maʼlum qilishicha, oʻtkazilgan nazorat tadbirida tumanning “Islomov Ismat uzumzorlari” fermer xoʻjaligi rahbari K.M. 2017-2020-yillar davomida fermer xoʻjaligi yer maydonidan mulkiy manfaatdorlik evaziga fuqarolarga noqonuniy ravishda yer ajratib berganligi aniqlangan.
Xususan, fermer xoʻjaligi rahbari “Guliston agrotexservis MTP” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari D.N bilan oʻzaro jinoiy til biriktirib, fermer xoʻjaligi hisobidagi yer maydonining 333-konturidan Boʻzi mahallasida yashovchi fuqaro Sh.B.ga 0,012 ga yer maydonini 10 ming AQSH dollariga, X.F.ga 0,06 gektar maydonni 6 ming AQSH dollariga, G.U.ga 0,012 gektarni 11 ming AQSH dollariga hamda Ye.Yu.ga 0,012 gektarni 8 ming AQSH dollari evaziga sotib, davlat manfaatlariga katta miqdorda zarar yetkazgan.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyat prokuraturasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.