Fermerlar va eksportchi korxonalar o‘rtasida ko‘plab shartnomalar imzolandi
Farg‘onada bo‘lib o‘tgan hududiy meva-sabzavot yarmarkasida 80dan ziyod agrofirma, fermer xo‘jaligi va eksportchi korxonalar o‘z mahsulotlarini namoyish etdi.
Farg‘onada bo‘lib o‘tgan hududiy meva-sabzavot yarmarkasida 80dan ziyod agrofirma, fermer xo‘jaligi va eksportchi korxonalar o‘z mahsulotlarini namoyish etdi.Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda qishloq xo‘jaligini isloh qilish, ayniqsa, fermerlik harakatini yanada rivojlantirish, meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish, ularni qayta ishlash va eksport qilish hajmini oshirishga qaratilgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2016-yil 12-apreldagi “Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim omil bo‘lmoqda.
Farg‘ona viloyatida ichki bozorni yil davomida turli meva-sabzavotlar bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida issiqxonalar tashkil etish, bog‘ va tokzorlarni kengaytirish, yetishtirilgan hosilni kuz-qish mavsumida sifatli saqlash uchun omborxonalar qurishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilda viloyatda 1 million 828 ming tonna meva-sabzavot, uzum, kartoshka va poliz mahsulotlari yetishtirish rejalashtirilgan. Yetishtirilgan mahsulotlar viloyatdagi 47 eksportchi korxona tomonidan eksport qilinmoqda.
Viloyatda 2016-2020 yillarda qishloq ho‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, yarim tayyor va tayyor mahsulotlar ishlab chiqaradigan korxonalarni rekonstruksiya qilish bo‘yicha 50,3 million dollarlik 14 investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan.
2016-yilda viloyatda 2 ming 300 gektar paxta maydoni qisqartirilib, 539 gektariga kartoshka, 920 gektar yerga sabzavot, 434 gektarga ozuqa ekinlari, 79 gektarga moyli ekinlar ekildi. 237 gektar intensiv bog‘, 92 gektar tokzor barpo etildi.
Yarmarkada fermer xo‘jaliklari, meva-sabzavotlarni qayta ishlash va eksport qilishga ixtisoslashgan korxona va tashkilotlar tomonidan namoyish etilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yuqori baholandi.
– Serquyosh o‘lkamizda yetishtirilayotgan meva-sabzavotlar jahon bozorida xaridorgir, – deydi “Qubbo meva-sabzavot” agrofirmasi rahbari Elyor Jamolov. – Joriy yilda 635 fermer xo‘jaligi bilan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotib olish bo‘yicha 30 milliard so‘mlik shartnoma tuzganmiz. Ayni kunlarda ushbu mahsulotlarni ichki bozorga yetkazib berish bilan birga, eksport ham qilmoqdamiz.
Yarmarkada mahsulot yetishtiruvchi, qayta ishlovchi, zaxira qiluvchi va eksportchi korxonalar o‘rtasida ko‘plab shartnomalar imzolandi.