Fermerlar klaster korxonasini erkin tanlashi lozim
Keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda fermerlardan paxta xom ashyosini xarid qilish bo‘yicha tumandagi ma’lum bir klaster korxonasi bilan shartnomalarni tuzishga majbur qilinayotganligi, shartnomalar bir tomonlama, bandlari to‘ldirilmagan holda rasmiylashtirilayotganligi haqida turli mulohazalar aytilmoqda, joylardan shikoyatlar kelmoqda.
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashning huquqshunosi Sanjar Isayev bu holatga quyidagicha izoh berdi.
– Bunday holat hech bir qonunchiligimizga to‘g‘ri kelmaydi, –deydi S.ISAEV. – Fermer va dehqonlarimizni qo‘llab-quvvatlashda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 martda qabul qilingan «Paxtachilik sohasida bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori dasturilamal bo‘lmoqda.
Unga ko‘ra, 2020 yil hosilidan boshlab, paxta xom ashyosini yetishtirishda davlat buyurtmasi bekor qilinib, xarid narxini belgilash amaliyotidan voz kechildi. Paxta xom ashyosini yetishtiruvchilar (fermer xo‘jaliklari, paxta-to‘qimachilik klasterlari, kooperatsiyalar)ga rayonlashtirilgan g‘o‘za navlarini erkin joylashtirish huquqi berildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 noyabrda qabul qilingan “Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonning 3-bandiga ko‘ra, bir hududda (Qoraqalpog‘iston Respublikasi yoki tegishli viloyat) barcha paxta-to‘qimachilik klasterlariga fermer xo‘jaliklari bilan shartnoma asosida faoliyat yuritishiga va fermer xo‘jaliklariga ushbu klasterlar bilan paxta xom ashyosini yetkazib berish bo‘yicha ixtiyoriy ravishda fyuchers shartnomalarini tuzishga ruxsat berildi.
Endilikda, fermer xo‘jaliklari bir hududda, ya’ni Qoraqalpog‘iston Respublikasi yoki tegishli viloyatlardagi istalgan paxta-to‘qimachilik klasterlari bilan paxta xom ashyosini yetkazib berish bo‘yicha ixtiyoriy ravishda fyuchers shartnomalarini tuzadilar.
Kuni kecha O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashida fermerlar taklif qilinib, Adliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “Paxta-to‘qimachilik klasterlari uyushmasi” vakillari ishtirokida 2022 yil uchun “Paxta xom ashyosi yetishtirish xamda xarid qilish bo‘yicha fyuchers shartnoma” loyihasi keng muhokama qilindi. Ishlab chiqilgan shartnoma fermer va klasterlarga amalda foydalanishlari uchun joylarga yuborildi.
Afsuski, shunga qaramasdan joylarda fermerlarni shartnoma tuzishga majbur qilinayotgan holatlar kuzatilmoqda. Qayd etish kerakki, shartnoma tuzishga majbur qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Fuqarolik kodeksining 354-moddasiga ko‘ra, fuqarolar va yuridik shaxslar shartnoma tuzishda erkindirlar. Bu tegishli qonunlarda ham belgilangan qo‘yilgan.
Bundan tashqari Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 30 oktyabrda qabul qilingan «2004 - 2006 yillarda fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan tasdiqlangan «Namunaviy kontraktatsiya shartnomasi», «Moddiy-texnika resurslari yetkazib berish namunaviy shartnomasi», «Xizmatlar ko‘rsatishga (ishlarni bajarishga) namunaviy shartnoma»lariga muvofiq, shartnoma tuzuvchi fermerlar va ikkinchi taraf o‘zaro kelishgan holda rasmiylashtirishlari lozim.
Shartnoma tuzishda taraflar teng huquqqa ega va shartnomaning shartlari taraflarning xohishi bilan belgilanadi. Shartnomalar qonunchilikka va taraflarning kelishuviga mos kelishi, qo‘shimcha talablar (muayyan shakldagi blankada tuzilishi, muhr bosib (muhr mavjud bo‘lgan taqdirda) tasdiqlanishi, shartnoma bandlari to‘liq to‘ldirilgan (miqdori, narxi va boshqa.) va qonun talablariga muvofiq bo‘lishi kerak.
Shundan so‘ng, Qishloq xo‘jaligi vazirligining tuman (shahar) bo‘limlari qonun hujjatlariga muvofiq rasmiylashtirilgan shartnomalargina ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim. Shartnoma tuzishda qonun talablariga rioya etilmasa, bir qator oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shartnoma sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi, sud tomonidan majburiyat yuklatilishi, yetkazilgan zararlar va boy berilgan foyda sud qaroriga asosan undirib berilishi mumkin.
Fermerlar tumandagi ma’lum bir klaster korxonasi bilan shartnoma tuzishga majbur qilingan hollarda mahalliy hokimlik mansabdor shaxslari Jinoyat kodeksining 205-moddasiga ko‘ra hokimiyatni yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish, ya’ni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsining o‘z mansab vakolatlaridan qasddan foydalanishi fuqarolarning huquqlariga yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yoxud jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab bo‘lsa jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Agarda qonun talablariga muvofiq bo‘lmagan shartnomalar ro‘yxatdan o‘tkazganligi oqibatida fermerlarga zarar yetkazilsa tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limlarining mansabdor shaxslari ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Ta’kidlash joizki, fermerlarning huquqlari buzilganda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlab, yaqindan ko‘mak bera oladi.
O‘zA