Fermerlar faoliyatida ko‘makchi bo‘layotgan markazlar
Yozning issiq kunlari har bir dehqon uchun g‘animat hisoblanadi.
Dehqon quyosh chiqishi bilan dalada. Bozorlarimiz, dasturxonimizning to‘kin-sochinligi yo‘lida tinimsiz mehnat qiladi.
Bugun yurtimizda fermer va dehqon xo‘jaliklari faoliyatini rivojlantirish, ularning mehnati samaradorligini oshirishga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Sohaning huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Jumladan, davlatimiz rahbarining 2018 yil 2 iyuldagi “Fermer xo‘jaliklarida hisob tizimini tubdan yaxshilash va ularga bank xizmatlari ko‘rsatishni takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari huzurida Fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazlari ochildi. Ayni paytda respublikamiz bo‘yicha 154 ta buxgalteriya markazida 2 ming 263 ta hisobchi faoliyat yuritib, dehqonlarimizning og‘irini yengil qilish maqsadida ularning buxgalteriya va hisob-kitob ishlarini bepul amalga oshirmoqda.
Jumladan, fermer xo‘jaliklari bo‘yicha buxgalteriya hisobi yuritilishini ta’minlashga ko‘maklashib kelayotgan mazkur markazlar fermer xo‘jaliklari ishchilariga ish haqi va undan majburiy ajratmalar hisoblanishini, mavsum yakuni bo‘yicha fermer xo‘jaliklarining asosiy vositalari, tovar-moddiy zaxiralari, pul mablag‘lari, debitorlik va kreditorlik qarzlarini inventarizatsiyadan o‘tkazishni, soliqlar bo‘yicha hisob-kitoblar, soliq organlari bilan qarzdorlik bo‘yicha solishtirma dalolatnomalarini tuzish hamda soliq va boshqa majburiy to‘lovlarning o‘z vaqtida to‘lanishini tashkil etishga yordamlashmoqda. Shu bilan birga, moliyaviy va statistika hisobotlarini tuzish va ularning tegishli organlarga taqdim etilishini tashkil etish, fermer xo‘jaligining yil yakuniga ko‘ra daromadlari va xarajatlarini tahlil qilish va keyingi yilga biznes reja tuzishda amaliy yordam berish kabi ishlarni amalga oshirishda ko‘maklashib kelmoqda.
Shuni ta’kidlash joizki, dehqonlarimizga erkinlik berilsa, dala ishlaridan chalg‘itilmasa, ularning ishida ham, dehqonchiligida ham baraka bo‘ladi. Biroq ularning hisob raqamlariga soliq, MIB va boshqa tashkilotlar tomonidan noto‘g‘ri to‘lov talabnomalar (inkassa) qo‘yilishi va boshqa xat-hujjat ishlaridagi muammolar dehqon va fermerlarga qiyinchilik tug‘dirmoqda. Masalan, Buxoro viloyatida 3039 ta fermerga 4 milliard so‘m, Jizzax viloyatida 3917 ta fermerga 6,8 milliard so‘m, Navoiy viloyatida 4,9 milliard so‘m noto‘g‘ri to‘lov talabnomalar qo‘yilgani aniqlandi. Bunday to‘lov talabnomalar, afsuski, har bir viloyatda mavjud.
Hozirgi kunda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi qoshida ochilgan markaz xodimlari tomonidan fermerlarimizni qiynab kelayotgan bunday muammolar yechimini topishda katta ko‘mak berilmoqda. Bu esa fermer va dehqon xo‘jaliklari egalarining asosiy ishidan chalg‘imasdan o‘z faoliyatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Jahongir Galayev,
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi yetakchi mutaxassisi.