Ijtimoiy tarmoqlarda fermerlarning roziligisiz hosilning davlat rejasidan ortiqcha qismini majburan olib qo‘yilayotganligi haqida murojaatlar kelib tushmoqda.
Bunday harakatlar g‘alla yetishtirish, xarid qilish va sotishga bozor tamoyillarini keng joriy etish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Zero, ayrim mansabdor shaxslarning amaldagi qonunlarga rioya etmasligi yoki bila turib o‘z manfaati yo‘lida foydalanishi fuqarolarning asosli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 martda qabul qilingan “G‘alla yetishtirish, xarid qilish va sotishga bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2021 yil hosilidan boshlab davlat g‘allaga xarid narxini belgilash amaliyotidan to‘liq voz kechdi, davlat xaridi to‘liq bekor qilindi. Fermer yetishtirgan g‘alla barcha iste’molchilarga, jumladan, donni qayta ishlovchi korxonalar, g‘allachilik klasterlari va treyderlarga birja savdolari orqali yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar (fyuchers, forvard va boshqalar) asosida erkin narxlarda sotilmoqda. Shuningdek, qonunchilikka ko‘ra, fermer xo‘jaligi o‘zi yetishtirgan mahsulotini iste’molchilarga realizatsiya qilish huquqini o‘z xohishiga ko‘ra tasarruf etadi. Tuzilgan kontraktatsiya shartnomalariga muvofiq davlat ehtiyojlari uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini nazarda tutilgan hajmlarda yetkazib berilishini ta’minlash majburiyatiga ega.
Fermer ham tadbirkor hisoblanadi, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 34-moddasiga asosan davlat organlari, boshqa tashkilotlar hamda ularning mansabdor shaxslari tadbirkorlik faoliyati sub’ektlarining qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirayotgan faoliyatiga aralashishga haqli emas.
Fermer xo‘jaligining faoliyatiga noqonuniy aralashgan, noqonuniy qarorlar qabul qilgan va moddiy zarar yetkazgan mansabdor shaxslar sud oldida javob bermoqda.
– Kontraktatsiya shartnomalarida nazarda tutilgan hajmlardan ortiqchasi fermer xo‘jaligining mulki hisoblanadi, – deydi Navoiy viloyati fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi bo‘limi boshlig‘i Kamol Orziyev. – Fermer xo‘jaligining mulk huquqi esa davlat himoyasida. 2021 yil davomida Navoiy viloyatida tayyorlov va xizmat ko‘rsatuvchi korxonalardan fermer xo‘jaliklarining haqdorligini undirish bo‘yicha Karmana tumanida paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan 64 ta fermer xo‘jaliklariga to‘lashga qolgan 6 mlrd. 898 million so‘m haqdorlik mablag‘lari, Navbahor tumanida 182 ta fermer xo‘jaliklariga 35 mlrd. 155 million so‘m haqdorligi Xatirchi tumanidagi Navoiy baxt Tekstil MCHJ-dan 27 ta fermer xo‘jaliklariga 1 mlrd. 242 million 649 ming so‘m haqdorligi undirib berildi.
Huquqshunoslar buning uchun paxta-to‘qimachilik klasterlari rahbarlari nomiga talabnomalar kiritib, sudlarga 4 milliard 240 million 200 ming so‘mlik 257 ta da’vo arizasi kiritdi. Shundan 3053.1 million so‘mlik 206 ta da’vo sud tomonidan qanoatlantirildi. Misol uchun, Navbahor tumanlararo iqtisodiy sudining qarori bilan “Navoiyazot” AJdan “Navbahor sholisi” fermer xo‘jaligi foydasiga 42 million so‘m mablag‘i undirib berildi. Xatirchi tumani A.Navoiy hududidagi bog‘dorchilik yunalishidagi “Xatirchi agroprestij” fermer xo‘jaligini manfaatini ko‘zlab, 11 nafar fuqaroni mevali bog‘ yer maydonidan o‘zboshimchalik bilan foydalanib, fermer xo‘jaligi ish faoliyatiga to‘sqinlik qilganligi sababli fuqarolik ishlar bo‘yicha Karmana tumanlararo sudiga mevali bog‘ yer maydonidan majburiy tartibda chiqarib yuborish haqida da’vo arizasi kiritilib, sud tomonidan da’vo qanoatlantirildi. Oltinsoy hududidagi uzumchilik yunalishidagi “Shukurulla xoji Islomjon” fermer xo‘jaligini, “Baxshijar kishmishlari” fermer xo‘jaligini tokzor yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab olgan 2 nafar fuqaroga nisbatan tokzor yer maydonidan chiqarib yuborish va 10 million so‘m keltirilgan zararni undirish bo‘yicha fermer xo‘jaligini manfaatini ko‘zlab, sudga da’vo arizasi kiritilib sud tomonidan ushbu da’vodagi keltirilgan zarar qisman qanoatlantirilib, tokzor yer maydonidan majburiy chiqarib yuborish haqida hal qiluv qarori qabul qilingan.
Ayni vaqtda kengashning joylardagi vakillari mansabdor shaxslarning noqonuniy qarorlari va xatti-harakatlari yuzasidan sudlarga da’vo arizalari kiritmoqda. Masalan, “Ashurov Shuxrat” fermer xo‘jaligi manfaatini ko‘zlab kiritilgan da’vo arizaga asosan Navoiy tumanlararo ma’muriy sudining 2021 yil 27 apreldagi qarori bilan Karmana tumani hokimining fermer xo‘jaligining yer maydonini zaxiraga qaytarish haqidagi 2020 yil 7 oktyabrdagi qarori, “ Amiriddin Sarmish ” fermer xo‘jaligi manfaatini ko‘zlab kiritilgan da’vo arizasiga asosan Navoiy tumanlararo ma’muriy sudining 2021 yil 7 maydagi qarori bilan Navbahor tuman hokimining fermer xo‘jaligining yer maydonini zaxiraga qaytarish haqidagi 2020 yil 22 oktyabrdagi qarori haqiqiy emas, deb topildi.
Bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Shu bois ham O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi qonunsiz holatlarga duch kelgan fermerlarga o‘z vaqtida murojaat qilishlarini so‘raydi.
O‘zA