Mamlakatimizda iqtisodiyotning barcha sohalarida raqamlashtirish va innovatsion axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanib elektron bazalar, geografik axborot tizimlari va veb-portallar yaratilmoqda. Ular yordamida aholiga va tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlari va boshqa turdagi xizmatlar ko‘rsatilmoqda.
Fazoviy ma’lumotlar milliy infratuzilmasini yaratish – iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik nuqtai nazardan istiqbolli hisoblanadi. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar xususida Yerni masofadan turib zondlash, geodeziya va kartografiya boshqarmasi boshlig‘i Ixtiyor Ergashov quydagilarni so‘zlab berdi.
– O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 23 iyuldagi «Fazoviy ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonuni bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshiradi. Ushbu qonun 5 bob, 25 moddadan iboratdir. Unda fazoviy ma’lumotlar sohasiga doir asosiy tushunchalarga izoh berilgan.
Xususan, fazoviy ma’lumotlar sohasining asosiy maqsadi – uni yaratish prinsiplari, sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, shuningdek, fazoviy ma’lumotlarni yaratish, qayta ishlash, rivojlantirish hamda ulardan foydalanishdagi munosabatlarni tartibga solish normalarini belgilaydi.
Fazoviy ma’lumotlar — fazoviy ob’ektlar to‘g‘risidagi, ularning joylashuvi, shakli, xossalari haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
Navigatsiya xaritalari, geoportallar, internet veb-servislarning ma’lumotlar bazasi fazoviy ma’lumotlardan tashkil topgan. Bunda aero va kosmik suratlar, dronlardan olingan ma’lumotlar, xaritalarda ko‘rsatilgan yer, bino-inshoot, yo‘llar, daryolar, quvurlar va ular to‘g‘risidagi qo‘shimcha ma’lumotlar fazoviy ma’lumotlarning tarkibiy qismi hisoblanadi.
Hayotimizda har kuni foydalanadigan Yandex yoki Google xaritalardan foydalanish ham fazoviy ma’lumotlardan foydalanishning bir turi hisoblanadi.
Mobil ilovadan kerakli bo‘lgan ob’ekt to‘g‘risidagi ma’lumotni ko‘rish, geolokatsiyasini (joylashgan joyini) aniqlash orqali dasturda yuklangan xaritada harakat yo‘nalishi, masofasi, vaqti va boshqa ma’lumotlarning ko‘rsatilishi fazoviy ma’lumotlarga bog‘langan holda amalga oshiriladi.
Kadastr agentligi tomonidan yuritilayotgan Milliy geografik axborot tizimi geoportaliga ham 17 ta vazirlik va idora mas’ul bo‘lgan Davlat kadastrlari ma’lumotlari va Agentlik tomonidan yaratilgan xarita va ortofotoplanlar kiritilgan.
Ushbu axborot tizimi orqali 8 ta vazirlik o‘rtasida avtomatlashtirilgan ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, tadbirkorlarga, davlat boshqaruv organlariga, mahalliy hokimliklarga davlat va boshqa xizmatlarni ko‘rsatadigan Fazoviy ma’lumotlar milliy infratuzilmasining geoportallari tarmog‘i yaratilgan. Unda fazoviy ma’lumotlar milliy infratuzilmasining geoportali, vazirlik va idoralarning geoportallari, mahalliy hokimiyat organlarining geoportallari va boshqa xizmat ko‘rsatuvchilarning geoportallari o‘zaro bog‘langan.
Fazoviy ma’lumotlar milliy infratuzilmasining geoportali — jahon internet axborot tarmog‘i orqali geoaxborot resurslaridan foydalanishni ta’minlaydigan fazoviy ma’lumotlarning internet vositalari va servislari majmuasi hisoblanadi.
Bunda fazoviy ma’lumotlarni qidirish, uning mazmuni to‘g‘risidagi axborotni ko‘rib chiqish, nusxa olish va ko‘rsatiladigan xizmatlarga buyurtma berish kabi imkoniyatlar bor.
Yagona koordinatalar tizimidan va fazoviy ma’lumotlardan foydalanib, O‘zbekiston Respublikasining yagona fazoviy ma’lumotlar bazasi yaratilmoqda. Unda tabiiy resurslar, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa ishlab chiqarish ob’ektlari hisobini yuritish va yer ajratish masalalarining shaffof mexanizmlari yo‘lga qo‘yilmoqda.
Raqamli texnologiyalar, internet va zamonaviy axborot vositalaridan foydalanib, 20 dan ortiq vazirlik va idoralar o‘rtasida avtomatlashtirilgan axborot almashish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Xususan, «Elektron hukumat» doirasida hukumat-fuqarolarga, Hukumat-biznesga va hukumat-hukumatga yo‘nalishlarida davlat organlari xizmatlaridan foydalanish kengayadi va osonlashadi.
Shuningdek, hududlarni rivojlantirishda tezkor va uzoq muddatli qarorlar qabul qilish hamda favqulodda holatlarda tabiiy resurslar, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa ob’ektlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish imkoniyati yaratiladi.
Axborot tizimidagi yer maydonlari, bino-inshootlar, kommunikatsiya va transport infratuzilmasi ob’ektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlardan foydalanib, hududlar va tarmoqlar kesimida investitsiya loyihalarini ishlab chiqish, biznesni rivojlantirish va mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga erishiladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA