“Fazman textile” brendi Yevropani zabt etdi (+video)
Turkiyada to‘qimachilik, Bangladeshda tikuvchilar, Yaponiyada kulollar, Italiyada mebelsozlar,Chexiyada oyoq kiyimi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan shaharlar borligini bilamiz. Bugun Namangan ular qatoridan mustahkam o‘rin oldi. Aytishlaricha, Namanganda rasman faoliyat ko‘rsatayotgan tikuvchilar soni 60 mingdan ziyod ekan. Yangi yil arafasida ish boshlagan “Fazman textile” MCHJda hozirning o‘zida 500 kishi ishlamoqda.
– Korxonaning umumiy qiymati 40 million AQSH dollari bo‘lib hozirgi kunda 20 million AQSH dollari o‘zlashtirilib ish faoliyatini olib boryapmiz, – deydi korxona rahbari, tadbirkor Tohir Jo‘rayev.
Korxona uskunalarini montaj qilish ishlari davom etyapti va shu birinchi bosqichning o‘zida yaratilgan ish o‘rinlari mingta, ikkinchi bosqichda esa 3 mingtaga yetkaziladi.
– To‘raqo‘rg‘on tumani Kuymozor qishlog‘idan kelganman, – deydi tikuvchi Sitora Abdukarimova. – Avval shu yerda tikuvchilik kasbini o‘zlashtirdim. Hozirda bizning qishlog‘imizdan 30 nafar xotin-qiz ishlamoqda. Choklarni yaxshi tikkanim uchun uni maqtashadi. Shuning uchunmi, yangi kelganlarni menga biriktirishmoqda. Ilgari shogird bo‘lsam endi ustozlik qilyapman.
– So‘nggi yillarda Namanganda o‘nlab yirik va kichik sanoat korxonalari bunyod etildi. Hech shubxasiz, Namangan O‘zbekiston yengil sanoatining poytaxtiga aylandi. Bugun Yevropa mamlakatlaridagi bozorlarda eng mashhur brendlar qatorida Namanganda tikilgan mahsulotlar sotilmoqda.
– Germaniyaning Karl Gross, Digel kabi kompaniyalari erkaklar kostyum shim va nimchalari uchun bir yillik quvvatga yetarli buyurtma bergan. Ularga va boshqa Yevropaning eng talabchan xaridorlariga yangi-yangi modellarda tikilgan mahsulotlar yuborilyapti.
Yaqinda Prezidentimiz Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida namanganlik tadbirkorlarni tilga olib o‘tdi. Bu bizga iftixor va kuchimizga kuch berdi, – deydi Tohir Jo‘rayev. – Biz, davlatimiz rahbarining ishonchini albatta oqlaymiz.
Tadbirkorning ta’kidlashicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan ochiq siyosat, ichki investorlarga ishonch, berilayotgan imtiyozlar hali u kabi yuzlab, minglab mulk egalarini kashf etadi, yirik-yirik korxonalar bunyod etiladi.
Bularning barchasi Namangandagi islohotlar to‘g‘ri yo‘ldan, samarali amalga oshirilayotganligini ko‘rsatmoqda.
<iframe width="2133" height="1013" src="https://www.youtube.com/embed/orwbVW2N1gI" title="“Fazman textile” brendi Yevropani zabt etdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Muallif Muhammadjon Obidov.
Tasvirchi Elyor Olimov.