Fayzullo "MDHning eng yaxshi yosh olimi - 2021" g‘olibi
Aytish kerakki, ushbu tanlov Qozog‘iston Respublikasining Nursulton shahrida 2019 yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinmoqda. Tanlov 21 ta yo‘nalishda ish olib boradi. Ushbu tanlovda MDH davlatlarining iqtidorli talabalari, tadqiqotchilar qatnashishlari mumkin.
Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi 19-umumta’lim maktabining o‘zbek tili fani o‘qituvchisi Fayzullo Yaxyoyev Qozog‘icton Respublikasining Nursulton shahrida MDH davlatlari o‘rtasida o‘tkazilgan "Yilning eng yaxshi yosh olimi - 2021" Xalqaro tanlovida 14 ta mamlakat ichida filologiya yo‘nalishida birinchi o‘ringa loyiq ko‘rilib, oltin medal bilan taqdirlandi.
Fayzullo Yaxyoyev maktabda o‘quvchilarga saboq berish bilan bir qatorda, O‘zbekiston Milliy universiteti 2-bosqich magistrantidir.
O‘zMU adabiyotshunoslik kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Hamidulla Boltaboyev ilmiy rahbarligida "XX asrning ikkinchi yarmi o‘zbek navoiyshunosligi masalalari (To‘xtasin Jalolov ilmiy merosi misolida) mavzusida ilmiy izlanishlar olib bormoqda.
Hozirga qadar 100 dan ortiq ilmiy-publitsistik maqolalari, tezislari xalqaro, respublika miqyosidagi nashrlarda e’lon qilingan, to‘plamlarga kiritilgan. Yosh tadqiqotchi Respublika Yosh olimlar kengashi a’zosi hamdir. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati ma’lum qilmoqda.
N.Usmonova, O‘zA