Fayzulla Ahmadaliyev ijodida milliylik va zamonaviylik uyg‘unligi(+video)
"Rassom ustaxonasi" loyihasining bu galgi qahramoni O‘zbekiston xalq rassomi Fayzulla Ahmadaliyevning asarlaridagi siymolarning tug‘ilishi murakkabdir. U fikrlar quvvati singdirilgan tuyg‘ulardan va sarosimada qolgan beqarorlikning mevasi bo‘lib keladi. Rangtasvir jism va ruhning munosabatini mushohadasi ko‘rinishida, ya’ni ranglar nozikligida, ranglar qatlamining estetikasida namoyon bo‘lib, tomoshabin tasavvurini intelektual mifologemlar va murakkab simvolik rebuslarga qaraganda ko‘proq zabt etadi.
Fayzulla Ahmadaliyev 2010-2015-yillarda an’anaviy milliy o‘zbek kashtachiligi bilan qiziqib qolishi natijasida zo‘r berib, mutanosiblik rangbarangligiga erishishga harakat qilganligini payqash mumkin.
Rassom O‘zbekiston zamonaviy tasviriy san’atdagi o‘ziga xos rangtasvir ustalardan biridir. U ijodini o‘z ruhiyatini anglashga olib boradigan son-sanoqsiz yo‘llar siymosi sifatida tasavvur qiladi. Bu rangtasvir ustasining ijodi yana shunisi bilan qiziqarliki, u o‘zbek rangtasvirini rivojlanishini eng dolzarb va muhim qirralarini ifoda etadi. Jumladan so‘nggi o‘n yillikda milliy san’atning vazifalari butunlay boshqa yangi tushunchalar bilan boyidi va yangi imkoniyatlar o‘zlashtirildi.
San’atning mazmun mohiyati transsendent ma’no va sharq mentalitetiga xos metafizik mushohada kasb etishi va zamonaviy madaniy muhitni rivojlanib borishi natijasida bugungi kunga xos falsafa bilan boyib bormoqda.
Munira Ramozonova, Doniyor Yakubov, Salimjon Obidjonov, O‘zA