Faxriylar hayoti – ibrat maktabi
9-may – Xotira va qadrlash kuni
Qo‘qon universiteti Andijon filialida “Uch avlod uchrashuvi” loyihasi doirasida afg‘on urushi qatnashchilari hamda faxriy harbiy xizmatchilar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Xotira va qadrlash kuni oldidan universitet filiali va O‘zbekiston “Veteran” jangchi-faxriy va nogironlar birlashmasi Andijon shahri bo‘linmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda professor-o‘qituvchilar, harbiylar, afg‘on urushi faxriylari, talabalar ishtirok etdi.

Tadbirda yurtimiz tinchligi, osoyishtaligi, bugungi farovon hayotga erishish yo‘lida o‘z jonlarini qurbon qilgan ajdodlarimiz xotirasini yod etish, urush faxriylari va nuroniylarga hurmat-ehtirom ko‘rsatishdek ezgu g‘oyalar targ‘ib etildi.

Ikkinchi jahon urushiga birgina Andijon viloyatidan 97,5 ming nafarga yaqin kishi safarbar etilgan. Urush butun xalqimiz qatori andijonliklar uchun ulkan yo‘qotishlar, kulfatlar keltirgan. Jumladan, urushdan 43,5 ming nafar andijonlik yigit yurtiga qaytmadi. Frontga ketganlarning 40,9 ming nafari esa urushdan nogiron bo‘lib qaytgan. Afg‘onistondagi harbiy harakatlarda esa Andijon viloyatidan 5 ming 300 nafar yigit qatnashgan. Janglardan 673 nafar yigit nogiron bo‘lib qaytgan bo‘lsa, 152 nafariga ona yurtiga qaytish nasib etmagan.

Tadbirda harbiylar va afg‘on urushi qatnashchilari o‘zlarining xizmat davri xotiralari, hayot yo‘li, shuningdek, harbiy xizmat jarayonida duch kelgan sinovlar va ularni yengib o‘tish saboqlari haqida talabalarga so‘zlab berdi.
Ushbu tadbir ishtirokchilar, ayniqsa, talaba yoshlar qalbida vatanparvarlik, yurtga sadoqat, bugungi tinch-osoyishta hayotimizga shukronalik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri.