Faxriylar bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi
Mamlakatimizda o‘tkazilayotgan “Keksalar haftaligi” doirasida Andijon viloyatining barcha tuman va shaharlarida, mehnat jamoalarida keksalar, nuroniylar ishtirokida turli tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi tashabbusi bilan soha faxriylarining Asaka tumaniga sayohati ham ana shunday tadbirlardan biri bo‘ldi.
Sayohat tadbirida respublikaning barcha hududlaridan tashrif buyurgan ichki ishlar tizimi faxriy xodimlari Asaka tumanida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari, yangilanishlar bilan yaqindan tanishdi.


Mehmonlar Asaka tumani hokimi Nasibullo Mo‘minov hamrohligida tumandagi qurilish-bunyodkorlik jarayonlari, yangi, zamonaviy turar joy majmualari, “Uzum bog‘i” ekoturizm majmuasi hamda Asaka nomini dunyoga tanitgan avtomobil zavodi faoliyati bilan tanishdi.
- Yildan-yilga yuksalib borayotgan yurtimiz obodligini Asaka tumani misolida yaqqol ko‘rish mumkin, - deydi “Nuroniy” uyushmasi tuman bo‘limi rahbari Isroiljon Sultonov. – O‘ziga xos, unutilmas taassurotlar qoldirgan ushbu tadbir ishtirokchilari tumanimizdagi o‘zgarishlar, bunyodkorlik ishlariga yuqori baho berishdi.


Sayohat davomida mehmonlarga tumanda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yangilanishlar va istiqboldagi loyihalar haqida keng ma’lumotlar berildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri.