Faxriy jurnalistlar e’tibor va e’zozda
3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni
Jurnalistika sohasida uzoq yillar faoliyat olib borgan faxriy jurnalistlar, imkoniyati cheklangan soha xodimlari holidan xabar olish, ko‘nglini ko‘tarish, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.

3 dekabr – “Xalqaro nogironlarni himoya qilish kuni” munosabati bilan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining raisi v.b. Xolmurod Salimov, uyushmaning Navoiy viloyat bo‘limi raisi Otabek Aslonov va boshqalar Navoiy shahridagi “Istiqlol” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qilib kelayotgan faxriy jurnalist, l-guruh nogironi Abduvali Nosirov xonadonida bo‘ldi.
Qator publitsistik va tarixiy kitoblar muallifi A.Nosirov bilan muloqot uning salomatligi, ayni kundagi ijodiy faoliyati xususida bo‘ldi.
Suhbat davomida Prezidentimiz tomonidan media sohasiga, ommaviy axborot vositalari vakillarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor haqida ham so‘z yuritildi.

– Odam odam bilan-da. Kelganlaringizdan xursand bo‘ldim, – deydi faxriy jurnalist A.Nosirov. – Mamlakatimizda men va men kabi faxriylarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikdan behad minnatdorman. Sog‘liq bo‘yicha imkoniyatim birmuncha cheklangan bo‘lsa-da, ayni yo‘qlovlardan so‘ng, ijodiy faolligim yanada oshib, ochig‘i, ko‘nglim tog‘dek ko‘tariladi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan “Faxriylar e’tibor va e’zozda” shiori ostida sohadagi ko‘p yillik faoliyati, ibratli hayoti bilan namuna bo‘layotgan faxriylar holidan xabar olish, e’zozlash, ehtirom ko‘rsatish ishlari davom etmoqda.
N.Usmonova O‘zA muxbiri