Faxrimiz, g‘ururimiz ramzi
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi institutida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganining 28 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi institutida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganining 28 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
“Davlat bayrog‘i – faxrim, g‘ururim” mavzuidagi tadbirda davlat va jamoat tashkiloti vakillari, yozuvchi-shoirlar, harbiylar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, professor-o‘qituvchilar, institut tinglovchilari va kursantlar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar bayrog‘imiz bizni ulug‘ maqsadlar sari boshlovchi buyuk mash’ala ekanini hamda davlat ramzlari har bir xalqning mustaqilligi, ozodligi, tinchligi va barqarorligi timsoli bo‘lish bilan birga millat sha’ni sifatida yuksak e’zozlanishi xususida fikr bildirdi.
Davlatimiz bayrog‘i qabul qilinganining 28 yilligiga bag‘ishlangan videolavha namoyish etildi, she’rlar o‘qildi.
– Vatan himoyasidek muqaddas burchni mardona o‘tash uchun bayrog‘imizni o‘pib qasamyod qilayotgan harbiylarimizning qalbidagi olovni, ko‘zlaridagi jo‘mardlikni ko‘rib faxrlanamiz, – dedi polkovnik Abduazim Ahmadxo‘jaev. – Ana shunday lahzalarda hech mubolag‘asiz vatanimiz bayrog‘ini ko‘zimizga to‘tiyo qilgimiz keladi. Bu faxrlanish aslida yurtga bo‘lgan cheksiz mehr va sadoqatning yorqin ko‘rinishidir. Toki bayroq bor ekan millat bor, davlat bor, Vatan bor. O‘zbekiston farzandlari qaerda bo‘lmasin, qanday natijalarga erishmasin Vatan bayrog‘ini ardoqlaydi. Har bir inson ongu shuuriga vatanimiz ramzlariga nisbatan chuqur hurmat tuyg‘ularini singdirish, umummilliy va ehtirom timsollari bo‘lgan bayroq, gerb va madhiyamizni ulug‘lash va ardoqlash barchamizning muqaddas burchimizdir.
Tadbir Vatan, bayrog‘imiz haqidagi kuy-qo‘shiqlar bilan yakunlandi.