Joriy yilning 24 noyabr kuni “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Toshkent shahar filiali balansidagi Olmazor tumanining “Sag‘bon” podstansiyasi transformatorida nosozlik yuzaga kelgan.
Bu holat sababli ushbu tumandagi ayrim hududlarda qisman elektr ta’minotidan uzilishlar kuzatildi.
Ayni chog‘da “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Toshkent shahar filiali mutaxassislari tomonidan ushbu podstansiyada olib borilayotgan ishlar yakunlanmoqda.
Ushbu jarayonlar haqida tezkor videolavhalar tayyorlab, iste’molchilarga vaziyat haqida xabar berayotgan "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ axborot xizmati rahbari Faxriddin Nuraliyev O‘zA muxbiriga quyidagilarni ma’lum qildi:

- Avvalo, sodir bo‘lgan holatni to‘g‘ri tushungan iste’molchilarga jamoamiz nomidan minnatdorlik bildiramiz.
Tunu kun ishlayotgan jamoaning asosiy maqsadi aholi va iste’molchilarni barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlashga qaratilgan. Mavjud avariyaviy holat ham olib borilayotgan mavsum ishlari jarayonida sodir bo‘ldi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, Toshkent shahri iste’molchilarini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida olib borilayotgan modernizatsiya ishlari jarayonida, ya’ni quvvati 40 000 kVA bo‘lgan yangi kuch transformatorini almashtirish paytida ta’minot vaqtinchalik ikkinchi transformatorga o‘tkazilgani uchun tarmoqda yuklama oshib ketgan hamda bu avariya holati yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan.

Shu sabali, tumandagi muhim ijtimoiy soha ob’ektlari va aholi punktlarini birlamchi elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida dizel generatorlari olib kelinib, tarmoqqa ulash ishlari olib borildi. Ayni paytda iste’molchilarimizga elektr energiyasi yetkazib berilyapti. Albatta, buni vaqtinchalik chora deyish mumkin.
Aslida, jamoamiz hozirda rejadagi ishlarni tezkor bajarmoqda. O‘tgan 24 soatlik vaqtda ish jarayoni bir soniya ham to‘xtatilmadi. Ular ta’minotni yaxshilash uchun uskunalarni almashtirmoqda.

Olib borilgan ishlar haqida aytadigan bo‘lsak, podstansiyadagi transformatorga 37,5 ming tonna moy quyish yakunlanmoqda. Bu uzoq vaqtni oladigan jarayon edi. Shu bilan birga, yana ayrim zarur montaj ishlari ham yakunlanib qoldi.
Hozir parallel ravishda ikkinchi transformatorda Xitoydan keltirilgan qurilmalar o‘rnatilyapti. Bu ishlar xitoylik hamkasblarimiz tomonidan amalga oshirilmoqda. Yuklama tushgan va avariya sodir bo‘lgan ikkinchi transformator ham shu kabi modernizatsiya qilinadi.

Transformatorga moy quyilib bo‘lgandan keyin to‘liq kuchlanish beriladi. Shuni ishonch bilan aytamizki, podstansiyadagi modernizatsiya ishlari yakunlangandan so‘ng uzilishlar bo‘lmaydi va ta’minotda barqarorlik yuzaga keladi.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.