Qonun loyihasiga sharh
Turli ko‘rinishdagi tabiiy ofatlar yoki texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda, eng birinchi o‘rinda fuqarolarning xavfsizligi va salomatligini asrash muhim hisoblanadi.
Ko‘pchilik bu kabi xoxush vaziyatlarga faqatgina Favqulodda vaziyatlar vazirligi va uning tizimidagi bo‘linmalar mas’ul deb biladi. Ammo unday emas. Endilikda bir qator vazirlik va mahalliy hokimiyat organlarining bu boradagi vazifalari va hamkorligi tartibga solinmoqda.

Yaqinda parlament quyi palatasining majlisida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan aholi va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish ishlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasida ushbu masalalar o‘z aksini topmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Odiljon Mamadaliyev quyidagilarni ta’kidladi:
— Mamlakatimizda aholi va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Shu bilan birga, ro‘y berayotgan tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlillari respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining bu boradagi hamkorligini tizimli yo‘lga qo‘yish, ularning favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etishdagi vazifalarini yanada takomillashtirish lozimligini ko‘rsatmoqda.
Shu nuqtai nazardan ishlab chiqilgan ushbu qonun loyihasi bilan 6 ta vazirlik va idora — Favqulodda vaziyatlar, Tashqi ishlar, Ichki ishlar, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirliklari, Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlarining favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi vazifa va vakolatlari aniqlashtirilmoqda.

Ayrim hollarda muayyan hududda sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda sansalorlik holati yuzaga keladi. Ya’ni, odatda favqulodda vaziyatlar holatlarida Favqulodda vaziyatlar vazirligi asosiy mas’ul deb qaraladi. Ammo bunday vaziyatlarda aholini zudlik bilan evakuatsiya qilish, tezkorlik bilan joylarni tayyorlash, fuqarolarni muayyan hududga joylashtirish, yer ajratish, ularni zarur bo‘lgan oziq-ovqat va tibbiy vositalar bilan ta’minlash masalalari faqatgina ushbu vazirlik zimmasiga tashlab qo‘yilmaydi. Aksincha, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari ham faol ishtirok etadi.
Shuningdek, hujjat loyihasida favqulodda vaziyatlar natijasida yetkazilgan zararni qoplash tartibi takomillashtirilmoqda. Qonun loyihasining qabul qilinishi aholi va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishga, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq tabiiy ofatlar xavfini kamaytirishga, favqulodda vaziyatlar natijasida yetkazilgan zararni baholash va qoplashning huquqiy asoslarini takomillashtiriga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA