Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga qarashli Chirchiq shahar favqulodda vaziyatlar bo‘limida 4 mart – Favqulodda vaziyatlar vazirligi tashkil topgan kun munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi.
Mazkur bayram tadbirida Chirchiq shahar hokimi Sanjar Yusupov, Xalq deputatlari Chirchiq shahar kengashi raisi o‘rinbosari Ravshan Dastirov, Chirchiq shahar favqulodda vaziyatlar bo‘limi mas’ul xodimlari, harbiy xizmatchilar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbirda tabrik uchun so‘z olgan Chirchiq shahar hokimi soha xodimlarini - qutqaruvchilarni samimiy muborakbod etib, mamlakatimiz tinchligi va xotirjamligi, osoyishtaligi yo‘lida doimo sergak va shay turgan jasur va mard qutqaruvchilarni kasb bayramlari bilan tabrikladi. O‘z o‘rnida bunday e’tirof uchun Chirchiq shahar favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i, mayor Shahboz Muhamedjanov ham Chirchiq shahar hokimligiga minnatdorlik bildirib, FVV tizimida mehnat qilayotgan barcha soha vakillarini bayram bilan qutladi. Shuningdek, Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tarkibidagi Chirchiq shahar Hayot faoliyati xavfsizligi o‘quv markazi boshlig‘i Husniddin Aglayev hamda ushbu o‘quv markazi katta o‘qituvchisi Nuriddin Abdullayevlar ham kasb bayrami munosabati bilan yig‘ilgan ishtirokchilarni samimiy qutlashdi.
Tadbir so‘nggida Chirchiq shahar hokimligi tomonidan Favqulodda vaziyatlar bo‘limining bir qator mutaxassislari faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar bilan mukafotlanishdi.
Tadbir doirasida yosh avlodni vatanparvarlik va fidoyilik ruhida tarbiyalash, ushbu sohaga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish maqsadida maktab o‘quvchilari hamda bir guruh uyushmagan yoshlarga favqulodda vaziyatlarga qarshi chora-tadbirlarni tezkor va samarali amalga oshirish uchun eng ilg‘or asbob-uskunalar, maxsus transport va texnikalar, qutqaruv avtomashinalari yaqindan tanishtirildi.