Favqulodda vaziyatlar va fuqaro muhofazasi
“Farg‘ona issiqlik elektr markazi”da Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida tegishli organlarning aholini hamda hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha hamkorlikdagi harakatlari yuzasidan qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.
Fuqaro muhofazasi rejalarining haqqoniyligini amalda tekshirish, favqulodda vaziyatlar yuz berganda ob’ekt rahbariyati va viloyat favqulodda vaziyatlar tuzilmalari hamda tegishli xizmatlar bilan hamkorlikda bajariladigan tadbirlar, har qanday vaziyatda asosli qarorlar qabul qilish o‘quv mashqining asosiy maqsadi etib belgilandi.
[gallery-18363]
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi shtab boshlig‘i o‘rinbosari, Safarbarlik boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Valijon Ashermatov, Farg‘ona viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, fuqaro muhofazasi xizmatlari rahbarlari va boshqa mas’ullar, ob’ekt ishchi-xizmatchilari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida zilzila ro‘y berganda stansiya energobloklarining bir vaqtda favqulodda o‘chishi (blekaut) hamda zaxira yoqilg‘i saqlash rezervuarida yong‘in kelib chiqishi sharoitida to‘g‘ri harakatlanish bo‘yicha amaliy mashg‘ulot tashkil qilindi. Mashg‘ulot yakunlari va unga tayyorgarlik ishlari mas’ul xodimlar tomonidan atroflicha tahlil qilinib, zarur ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA