Sirdaryo viloyatida 15 martdan 15 aprelga qadar o‘tkaziladigan "Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi oyligi" doirasida Favqulodda vaziyatlar profilaktikasi kuni tadbiri uyushtirildi.
Viloyatning Oqoltin tumanida o‘tkazilgan taktik-o‘quv mashg‘ulotlarida Sirdaryo viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi rahbari boshchiligidagi soha xodimlari ishtirok etib, tuman hokimligi va mavsumni betalofat o‘tkazishga mas’ul tashkilotlar xodimlariga mavsumni betalofat o‘tkazish yuzasidan maxsus yo‘riqnoma tarqatildi.

Turli xildagi favqulodda vaziyatlarning oldini olish va aholini bunday holatlarga tayyorlash, shuningdek, favqulodda vaziyatlarga qarshi kurashishdagi xizmatlarni takomillashtirish maqsadida o‘tkazilgan profilaktika tadbirlari davomida favqulodda vaziyatlar davlat quyi tizim xizmatlarining mavjud zaxiralari, maxsus uskuna va texnikalarining sozligi hamda ularning texnik holati o‘rganildi, kamchiliklarni bartaraf etish uchun qo‘shimcha topshiriqlar berildi.

Tadbir doirasida tuman tibbiyot birlashmasida tibbiyot xodimlari uchun seminar tashkil etildi, ularga favqulodda vaziyatlar vaqtida to‘g‘ri va tezkor harakat qilish usullari o‘rgatildi. Maxsus-taktik o‘quv mashqida shartli ravishda zilzila sodir bo‘lib, zudlik bilan maxsus xizmatlarga xabar berildi. Bemorlar va birlashma xodimlarini xavfsiz joylarga evakuatsiya qilish, ko‘p sonli jabrlanganlarga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatish amaliyotlari bajarildi.

Profilaktika tadbirlari davomida xonadonlardagi uy xayvonlari orasida quturish va kuydirgi kasalliklarining oldini olishga yo‘naltirilgan tadbirlar amalga oshirildi. 122 ta it va 56 ta yirik shoxli mollar profilaktik emlandi. Shuningdek, xonadon egalariga zaruriy eslatma materiallari tarqatilib, uy xayvonlarini nazoratsiz qoldirmaslik bo‘yicha qat’iy ogohlantirishlar berildi.

Qurilish sohasida o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar davomida Sirdaryo viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda shaxarsozlik sohasida profilaktika bo‘limi xodimlari yangi qurilayotgan binolarning seysmik bardoshliligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni nazorat qildilar. Qurilish ishlari olib borilayotgan maskanlarda yong‘in va texnika xavfsizligini ta’minlashga alohida e’tibor berildi.
Tuman maktablarida "Qutqaruvchi va yoshlar uchrashuvi" tarzida o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar davomida Favqulodda vaziyatlar akademiyasi va Shahrisabz Temurbeklar maktabiga o‘qishga kirish tartiblari, sinov jarayonlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar berildi. Unda zilziladan oldin, zilzila vaqtida va zilziladan keyin to‘g‘ri harakatlanish, jabrlanganlarni qutqarish va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish usullari o‘rgatildi.

Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i rahbarligida o‘tkazilgan o‘quv mashqlarida qutqaruvchilar tomonidan shartli ravishda sodir bo‘lgan zilzila oqibatidagi vayronalardan jabrlanganlarni qidirish va ularga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, maxsus-taktik o‘quv mashqida sodir bo‘lgan yong‘in bartaraf etildi.
Aholi xonadonlarida o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar davomida tumandagi 320 dan ortiq xonadon qayta o‘rganib chiqildi. 156 ta kamchilik aniqlanib, ularning 119 tasi joyida bartaraf etildi. Shuningdek, 600 nusxadan ortiq eslatma materiallari tarqatildi.
Favqulodda vaziyatlar profilaktikasi kuni tadbiri aholi va tashkilotlar orasida xavfsizlikni ta’minlash va favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlikni mustahkamlashda bir omil bo‘ldi.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri