Favqulodda vaziyatda nima qilishni bilasizmi?
Buxoro davlat universitetida “Fuqaro muhofazasi” kuni tadbiri o‘tkazildi.
Dastlab favqulodda vaziyatlar xavfi to‘g‘risida qo‘ng‘iroq orqali xabar yetkazildi. Universitetning 1, 2 va 3-o‘quv binolarida joylashgan fakultetlar dekanlari evakuatsiya chizmalariga asoslanib, binolarning har bir qavatdagi tushish yo‘laklari va zinapoyalariga mas’ul xodimlarni biriktirib, har qanday noxush holatlarning oldini olish maqsadida professor-o‘qituvchilar, talabalarni belgilangan xavfsiz hududga evakuatsiya qilish choralarini ko‘rdi. Professor-o‘qituvchilar, talabalar va ishchi-xizmatchilar hamda ma’muriyat xodimlari 1, 2 va 3-o‘quv binolari komendantlari tomonidan xavfsiz xudud o‘yingoh tomon yo‘naltirildi. Universitet binosidan chetda joylashgan fakultetlar 20 nafardan jamoat a’zolari bilan o‘yingohga yetib keldi.

Universitet fuqaro muhofazasi tuzilmalari sardorlari va fakultet dekanlari o‘yingohda belgilangan joyda joylashdi. Fuqaro va mehnat muhofazasi bo‘limi boshlig‘i Fuqaro muhofazasi shtabi boshlig‘i R.Jumayevga tuzilmalar tayyorgarligi to‘g‘risida axborot berdi.
Tadbirda Buxoro davlat universiteti fuqaro muhofazasi shtabi boshlig‘i, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor R.Jumayev “Fuqaro muhofazasi kunini o‘tkazish asoslari, maqsadi”, “Zilzila” mavzularida ma’ruza qildi. Universitet tabiiy fanlar fakulteti ekologiya va geografiya kafedrasi o‘qituvchilari, 1 va 2-sanitar drujinasi sardorlari G.Murodova, N.Ochilov va kafedra o‘qituvchilari, sanitar drujinasi a’zolari S.Mardonova, R.Sharofiddinovalar “Qon ketishda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish” va “Suyak sinishlarda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish” mavzusida ma’ruza qilib, amaliyotda ko‘rsatib berdi. Yong‘in o‘chirish guruhi sardori J.Kamolov yong‘in o‘chirish vositasi yordamida yong‘in o‘chog‘ini amaliyotda bartaraf etdi.

Buxoro viloyati FVB yong‘in qutqaruv otryadi qutqaruv ekipaji a’zolari favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda uning oqibatlarni bartaraf etishda qo‘llaniladigan texnik kuch vositalarni ishlatish, foydalanish tartiblarini amaliy ko‘rsatib berdi. Buxoro shahar FVB boshlig‘i o‘rinbosari kapitan N.Qurbonov Fuqaro muhofazasi tuzilmalari vazifalari va majburiyatlari haqida, Buxoro viloyat IIB YXXB matbuot guruhi rahbari U.Shukrullayev va Buxoro shahar IIO FM boshqarmasi YXXB xodimi F.Bekmurodovlar yo‘l xarakati xavfsizligi va qoidalari to‘g‘risida ma’lumot berdi.

– Fuqaro muhofazasi kuni tadbirini o‘tkazishdan maqsad universitet fuqaro muhofazasi tuzilmasi a’zolari va professor-o‘qituvchilar, talabalar hamda ishchi-xodimlarini favqulodda vaziyatlarda tezkor harakat qilishga tayyorlash va ularda favqulodda vaziyatlarda tezkor harakat qilishga ko‘nikmalar hosil qilishdan iborat, –deydi universitet fuqaro va mehnat muhofazasi sektori muhandisi F.Boltayev.
Zarif Komilov,
O‘zA