Favqulodda vaziyat joy va makon tanlamaydi (+video)
Navoiy viloyati Navbahor tumani “Hashman” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 17-umumta’lim maktabida “Favqulodda vaziyat joy va makon tanlamaydi” shiori ostida aholi o‘rtasida baxtsiz hodisalarning oldini olishga qaratilgan o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.
Dastlab o‘quvchilar va mahalla faollari tuman fuqaro muhofazasi xizmatlari tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmalar bilan tanishdi. Tadbirning asosiy qismida Favqulodda vaziyatlar vazirligi mas’ul xodimi polkovnik X.Zoirov, Navoiy viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari – shtab boshlig‘i polkovnik B.Rejepov va boshqalar o‘quvchilarga favqulodda vaziyatlar vaqt va joy tanlamasligi, favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda harakatlanish tartibi va tegishli tashkilotlarga qo‘ng‘iroq qilish lozimligini tushuntirdi.
Tadbirda tumanda tashkil etilgan “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati a’zolari qasamyod qabul qildi va ularga emblema guvohnomasi tantanali ravishda topshirildi.
[gallery-16071]
– Bugun men ham “Vatan tayanchi” otryadining a’zosi bo‘ldim, – deydi 24-umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Jahongir Usmonov. – Shu munosabat bilan bizga ko‘krak nishoni berildi. Bu barchamizga katta mas’uliyat yuklaydi. Men kelajakda Vatanimga sodiq farzand bo‘lib, yurtimga, xalqimga, Prezidentimga xizmat qiladigan harbiy bo‘lmoqchiman.
Tadbir davomida sinflarda “Ochiq dars”lar tashkil etilib, ularda o‘quvchilarga “Is gazidan zaharlanish”, “Tabiiy va texnogen favqulodda vaziyatlar”, “Zilzila”, “Oziq-ovqat mahsulotlaridan zaharlanish” kabi mavzularda tushunchalar berildi. O‘z navbatida o‘quvchilar tomonidan mavzular doirasida sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
– Bugungi tadbir o‘sib kelayotgan avlodga kelajakda xavfsiz yashashlari, ularni har qanday sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlardan himoya qilish maqsadida tashkil etildi, – deydi maktabning chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi To‘lqin Oripov. – Tuman fuqaro muhofazasi xizmatlari tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmada o‘quvchilarimiz favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda qanday harakatlanish lozimligi, foydalaniladigan jihoz va uskunalar, jabrlanganlarga birinchi tibbiy xizmat ko‘rsatish, ularni qutqarish rejalari bilan tanishdi. Ular taktik jarayonlarda ishtirok etib, o‘z bilim va ko‘nikmalarini oshirdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/3RiJpYGPptY" title="Favqulodda vaziyat joy va makon tanlamaydi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Tadbir ishtirokchilari maktabimizda tashkil etilgan “Shon-sharaf muzeyi”da ham bo‘lib, bu yerdagi eksponatlar bilan yaqindan tanishdi, qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Tadbir davomida quturish kasalliklarining oldini olish maqsadida ko‘rgazmali seminar o‘tkazilib, shartli ravishda it tishlagan bemorga birinchi yordam ko‘rsatildi, itlarni emlash jarayoni amalga oshirildi.
Mahalla hududidagi 465 ta xonadonda is gazi hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olish yuzasidan targ‘ibot va tashviqot ishlari olib borildi. Aniqlangan kamchiliklar tegishli xizmatlar bilan joyida bartaraf qilindi. Shuningdek, ta’mirlanayotgan binoda ishchi-xodimlar bilan uchrashuv tashkil etilib, favqulodda holat sodir bo‘lganda harakatlanish tartibi, yong‘in chiqqanida o‘t o‘chirish vositalaridan foydalanish holati amalda ko‘rsatib berildi.
– Ushbu targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazishimizdan maqsad – xonadonlar, tashkilot va korxonalarda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda holatlarning oldini olishdir, – deydi Navbahor tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi tezkor bo‘linmasi boshlig‘i Elmurod Mamasaidov. – Kelib chiqqan yong‘inlarni o‘tgan yilga nisbatan solishtiradigan bo‘lsak, kamayishga erishilgan. Sodir bo‘lgan holatlarda aholimizning jabrlanishi kamaygan. Bu esa, albatta, olib borilayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlarining natijasi, deb o‘ylayman. Targ‘ibot tadbirlari davomida aholi xonadonlarida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan holatlar yuzasidan tushuntirishlar berilmoqda, o‘rganishlar olib borilmoqda. Aniqlangan kamchilik va muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish choralarini ko‘rmoqdamiz.
O‘quv mashqi va profilaktik tadbirlar davomida aholi vakillari hamda tashkilot, korxonalar rahbarlariga tegishli ko‘rsatma va takliflar berildi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat+video), O‘zA muxbirlari