Favqulodda holatlarda qanday yo‘l tutishni bilasizmi?
Kuz-qish mavsumi boshlanishi bilan tabiiy va texnogen tusdagi ofatlar oldini olish, xavfsizligini ta’minlash yanada dolzarb masalaga aylanadi.
Ayni masalalarga keng jamoatchilik e’tiborini qaratish va favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida mamlakatimizda joriy yilning 15 noyabridan 15 dekabriga qadar “Yong‘in xavfsizligi oyligi” o‘tkazilmoqda.
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida ham “Yong‘in xavfsizligi oyligi” doirasida keng qamrovli profilaktik tadbir bo‘lib o‘tdi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilar, kursantlar, mahalla faollari, ishlab chiqarish ob’ektlari mas’ullari hamda keng jamoatchilik ishtirok etgan tadbirda yong‘inning oldini olish bo‘yicha profilaktik tushunchalar berildi.
Xususan, yong‘inlar va favqulodda vaziyatlarning oldini olish, texnika xavfsizligi qoidalari, fuqaro muhofazasi, yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilish, yong‘in sodir bo‘lganda harakatlanish tartib-qoidalari, fuqarolarning hayoti va sog‘ligiga jiddiy xavf solib kelayotgan is gazidan zaharlanish va uning salbiy oqibatlari kabi mavzularda so‘z yuritilib, zarur ma’lumot va tushunchalar berildi.

Shuningdek, tadbir qatnashchilariga maxsus yong‘in-qutqaruv texnikalaridan foydalanish, favqulodda xolatlarda birinchi yordam ko‘rsatish amaliy mashqlar misolida namoyish etildi. Tadbir so‘nggida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA