Farzandlarimiz kelajagiga befarq bo‘lmaylik
Hozirgi paytda ayrim yoshlarimizni elektron sigaretalar, nikotinli sinyuslar, psixotrop va sintetik giyohvand moddalarga ruju qo‘yayotgani bizni tashvishga solmoqda. Eng achinarlisi nikotinli sinyuslarni ayrim oziq-ovqat do‘konlarida bemalol sotilayotganida.
Afsuski, yoshlarimiz tamaki chekishdan qutulish uchun nikotinli sinyuslardan foydalanishyapti. Bunday xolatlarda xalqimiz, “Yomg‘irdan qochib, do‘lga tutilgan”, iborasini ishlatadi. Aslida ular nikotinli sinyuslarda tamaki mahsulotiga nisbatan ko‘p nikotin borligini bilishmaydi. Elektron sigaretalar, tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishi, psixotrop dorilarga o‘rganib qolish asosan 13 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smir yoshlarimiz orasida uchramoqda.
Psixotrop dori vositalariga o‘rganish 3 ta omilga bog‘liq. Birinchisi ijtimoiy omil. Ya’ni bolaning atrofida qanday do‘stlari borligi va ularni qanday ta’sir ko‘rsatayotgani. Ikkinchisi psixologik omil. Bu oiladagi kelishmovchiliklar, yaqinlari bilan janjallardan keyin bolaning ruhiyatidagi buzilishlarga bog‘liq. Ruhiyati buzilgan bolani kimdir shu yo‘lga boshlashi natijasida iste’molchiga aylanadi. Uchinchisi biologik omil. Bu omilda bolaning otasi yoki onasida norkologik kasalliklar bo‘lsa bolaning tarbiyasi to‘g‘ri olib borilmasa, bunday insonda ham psixotrop hamda nikotinli sinyuslarni iste’mol qilish kuzatiladi.
Psixotrop dorilar ijtimoiy tarmoqlar orqali sotilishidan deyarli hammaning xabari bor. Avvaliga ish izlab yurgan yoshlarga “qora niyatli” insonlar daromadli ish taklif qilishadi. Yo‘laklar, chiqindi qutilari ya’ni kamerasi yo‘q joylarga psixotrop dori vositasi haqida yozib ketishi uchun pul berishadi. Yoshlarimiz ularning niyatlarini tushunmagan xolda bunday topshiriqlarni bajarishadi. Bunday ishni taklif qilgan inson uni rasmga olib, keyingi etaplarda uni qo‘rqitib, dori vositalarini tarqatish uchun bosim o‘tkazadi. Shu ishni qilmasang ichki ishlarga xabar beramiz, deb qo‘rqitishadi. Yoshlarga qilayotgan hatti-xarakatlarini tahlil qilishni ya’ni o‘zini o‘zi boshqarishni o‘rgatmasak, ularning hayotini qo‘ldan boy berishimiz mumkin.
Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot muassasasi Toshkent shahar filialidagi narkolog shifokorlar har bir maktabga borib, tamaki hamda psixotrop dori vositalarining zarari bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib boryapmiz. Natijada yoshlarga kimdir qo‘rqitish orqali dori vositasini sotishga majburlasa darhol bizga va ichki ishlar xodimlariga xabar berishlarini tayinlayapmiz.

Bunday vositalarni iste’mol qilish natijasida ularning sog‘lom organizmlarida kuchli yallig‘lanish boshlanib, hattoki saraton raki kasalligini keltirib chiqarishi mumkinligini tushuntiryapmiz. Eng yomoni ruhan hamda jismonan karamlilikni keltirib chikarishidir.
Ko‘pincha ota-onalar farzandini psixotrop doriga mukkasidan ketganini bilsada bu haqda hech kimga aytmaydi. Natijada boladagi xohish-istak kuchayib, buning natijasi yomon oqibatlar bilan tugaydi. Agar bola o‘z irodasi bilan bu ofatdan qutulolmasa albatta uni davolash uchun narkologiya dispanseriga yotqizib, kerakli muolajalarni olish shart. Farzandlarimiz kelajagiga befarq bo‘lmaylik.
Respublika ixtisoslashgan narkologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi toshkent shahar filialiga ixtiyoriy ravishda murojaat kilgan shaxslarga anonim tarzda malakali mutaxassislar, oliy toifali narkolog shifokorlar psixoterapevtlar xamda tibbiy psixologlar tomonidan konsultatsiyalar beriladi va davolanadi.
Hozirda UZI laboratoriya EKG va boshqa shart-sharoitlar davolanish uchun yaratilgan. Davolanayotgan bemorlarning hoxish-istagiga ko‘ra davolanish ishlari anonim ya’ni xufiya xolatda olib boriladi. Murojaat qilgan bemorning ismi sharifi, yashash manzili sir tutilgan xolda anketa ochilib, shifr qo‘yiladi. Bemorlar istasa kunduzi kelib muolajalarni olib, uyiga ketishlari, xohlasa dispanserda yotib qolib davolanishlari mumkin. Oziq-ovqat hamda dori-darmonlar sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bepul beriladi. Ularning ruhiy xolati bilan alohida psixologlar ishlaydi.
Nargisxon Sodiqova,
Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi oliy toifali narkolog shifokori.