Farzandlar quvonchi bizning baxtimizdir
1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni
Navoiy viloyati Karmana tuman «Do‘rman» mahallasi hududidagi maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari va mahalladagi yoshlar o‘rtasida 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan «Baxtiyor elning baxtli farzandlarimiz» nomli bayram tadbiri tashkil etildi.

Har yili bu sana yurtimizda o‘zgacha ruhda nishonlanadi. Bu kun yaqinlashgan sari nafaqat bolajonlar, balki katta yoshdagi yurtdoshlarimiz ham kun sanay boshlaydi. Axir turmush tashvishlariga o‘ralashib, charchagan vaqtlarimizda har birimiz bolaligimizga qaytgimiz, uning shirin tashvishlari va zavqli onlarini yana bir bor his qilgimiz keladi.

Tadbirda so‘z olganlar yurtimizda yosh avlod kamoloti uchun barcha shart-sharoitlar yaratilayotgani, hattoki eng chekka qishloqlarda ham shaharlardagidan qolishmaydigan zamonaviy bog‘chalar, ko‘rkam maktablar, mahallalarda bolalar maydonchalari barpo etilayotganini ta’kidladi.

Bolalar o‘rtasida sport, madaniyat va san’at yo‘nalishlarida turli tanlov va musobaqalar tashkil etildi. Ayniqsa, baxtli bolalikni o‘zida aks ettiruvchi asfaltga rasm chizish, qo‘shiq kuylash, raqs tanlovlari barchada o‘zgacha qiziqish uyg‘otdi. Quvonarlisi, mahalladagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari tomonidan tayyorlangan ertak qahramonlarining chiqishlari nafaqat jajji bolajonlar, balki yoshi ulug‘ kishilar qalbiga ham olam-olam quvonch bag‘ishladi.

Darhaqiqat, oilaning quvonchi farzand bilan. Har tong ishga yoxud safarga otlanar ekanmiz, farzandlarimiz baxti va kelajagini o‘ylab, yugurib-yelamiz. Uyga qaytganimizda esa ularning shodon kulgusini eshitib, barcha charchoqlarni unutamiz. Bayramlar ham bolalar bilan totli. Ularning xursandchiligi barchamizning baxtimiz, ularning quvonchi bizning ham quvonchimizdir.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA