Farzandingiz masofaviy taʼlim olyapti, siz qanday yondashyapsiz? TAVSIYALAR...
Bugun masofadan ishlash, masofaviy taʼlim, onlayn dars kabi tushunchalarga ortiqcha taʼrifni berishni hojati yoʻq.
Bugun masofadan ishlash, masofaviy taʼlim, onlayn dars kabi tushunchalarga ortiqcha taʼrifni berishni hojati yoʻq. Zamon, vaziyat shuni taqozo qilyaptiki, insoniyat ushbu ilgʻor, ammo majburiy choraga koʻnikib ham qoldi. Raqamli dunyoning moʻjizasi — uning asosiy unsuri boʻlgan ushbu sohani koronavirus balosi tezlatib yubordi. Nachora, insoniyat har narsaga tayyor turishi kerak ekan. ”Boshga tushganni koʻz koʻradi” deganni maʼnosi shu boʻlsa, ne ajab? Aslida, jonli ijro, bolalar bilan yuzma-yuz mashgʻulotlarga ne yetsin? Shu oʻrinda hozir hamma oʻz uyida kompyuterdan foydalanish jarayoni ketayotganligi uchun ota-onalarga, talaba, oʻquvchilarga foydali –kompyuter bilan ishlash xavfsizlik qoidalari va sanitariya gigiyena talablarini eslatib oʻtishni zarur deb bilaman.
Chunki bu sogʻliq bilan bogʻliq boʻlgani uchun jiddiy masala. Ayniqsa, voyaga yetmagan maktab bolalari qoidalarga rioya qilishlarini ota-onalar muntazam kuzatib borishlari lozim. Albatta, uy sharoitidagi baʼzi talablar sinf va auditoriya sharoitidan farq qiladi. Maktablardagi xonalar tegishli tashkilotlar tomonidan uzluksiz nazorat qilingani uchun u yer bexavotir. Uyda esa har kimda turli sharoit. Bu yerda ota-onalarga yana bir bora eslatib oʻtish lozimki, tele-darslar shunchaki emas, balki jiddiy, rasmiy boʻlib shu darslar asosida oʻquv yili yakunlanadi. Oʻqituvchilarimiz uydan turib har bir bolani kunda baholamoqda. Toʻgʻri, biz tushunamiz, baʼzi uylarda televizor bitta, uydagi katta yoshdagilar boshqa koʻngilochar kanallarni koʻrgisi keladi. Hurmatli ota-onalar shunda keling, farzandlarimiz manfaati yoʻlida oʻz hissiyotlarimizdan voz kechib, bolalarimiz bilan tele-darslarni bir piyola choy ustida kuzataylik, maktab davrlarimizni ham eslaylik. Bolaning eʼtibori darsda boʻlishini taʼminlab berishimiz kerak. Vaqti-soati bilan mashgʻulotlardan nimani oʻzlashtirganini soʻrab turishimiz va maktab oʻqituvchilari bilan masofadan bogʻlanib turishni tavsiya qilaman.
Endi asosiy qoidalardan biri televizor ham kompyuter ham elektrga bogʻliq qurilmalar boʻlgani uchun elektrga tegishli barcha xavfsizlik qoidalariga uyda rioya qilish shart. Ayniqsa yongʻin xavfsizligi qoidalariga. Aksariyat uylarda elektr manbai (rozetka) boʻshashib qimirlab qolishi natijasida shu yerda qisqa tutashuv boʻladi. Buning ustiga, bolalar uni tokdan uzish vaqtida simdan tortadilar. Biz uyda bolalarga kompyuter va televizorni qanday tartibli ulash va uzishni oʻzimiz koʻrsatib berishimiz kerak. Kim shu ishni ortiqcha kuch ishlatmasdan toʻgʻri bajarsa, noxush voqealar boʻlmaydi. Agar bola toʻgʻri foydalana olsa, rozetka ham boʻshashib qolmaydi, simga ham shikast yetmaydi. Shu yerda ota-onalarni yuqori sinf bolalariga erkin, boshlangʻich sinf bolalariga oʻzlari ulab berishlari maqsadga muvofiq. Elektr qurilmalaridan foydalanishda qoʻl quruq boʻlishi, ortiqcha murvatlariga teginmaslik madaniyatini tushuntirish lozim. Uyda kompyuter oldida isitish qurilmalaridan foydalanish va bitta pilot qurilmasiga ham dazmol va mikrotoʻlqinli pechlar ulanishi qatʼiyan mumkin emas. Pilotga faqat kompyuterning qoʻshimcha qurilmalarini ulash joiz. Aks holda, kuchlanish ortib kompyuter qurilmalari ishdan chiqadi. Suyuqliklar, umuman, kompyuter oldida ovqatlanish darsxonadan uzoqda, iloji boricha boshqa xonada boʻlishi durust. Kompyuter oldida choy, kofe, kompot ichish ham mumkin emas. Kompyuterni tozalash ishlarini faqat u elektr manbaidan uzilgandagina kattalar amalga oshirgani maʼqul.
Uni quruq va maxsus gazlamalarda artish tavsiya qilinadi. Chunki ekranga shikast yetib qolishi mumkin. Kompyuterdan foydalanib boʻlgandan keyin uni tok manbaidan uzib qoʻyish kerak. Uzluksiz ishlatish tavsiya qilinmaydi. Bolalarga tayinlash kerak, ishlab turgan monitor va teleekranga ruchka va qoʻl bilan tegish, kuch ishlatish mumkin emas. Shuningdek, kompyuter ustiga buyum yoki tuvakda gul, kitob va daftar, turli matolar qoʻyish ham taqiqlanadi. Bu kattalarni bolalarga oʻrgatishi lozim boʻlgan texnik xavfsizlik qoidalari edi. BOLALAR SOGʻLIGIGA BOGʻLIQ TAVSIYALAR... Eng muhim qoida bola kompyuter ekranidan 50-60 sm. uzoqda, teleekrandan esa 2-3 metr uzoqlikdan ishlashini uqtirib borishimiz kerak. Kompyuter va teleekran oldida koʻp ishlash, uning oldida koʻp oʻtirish insonning koʻzi, qon aylanish sistemasi, bosh miya faoliyatiga zarar yetkazishi mumkin. Shuning hozirgi tele-darslar 15 minutdan 4 fan ketma-ket maʼlum daqiqa tanaffus bilan jami 60 minut boʻlayotganligi nihoyatda toʻgʻri. Qolgan qismini ota-onalar yordami va kuzatuvida “xontaxta” atrofida mustahkamlab oladi. Darvoqe, hozir aksariyat ota-onalar bolalari uchun uyda maxsus stol va stullar olib berish taraddudiga tushib qolgani rost. Uyda bolaning yoshiga mos mebil boʻlishi zarur. Kitob javoni bor xonadonlar sanoqli. Ayni kompyuterga ham maxsus stol va stul boʻlsa, bolaning qadi-qomatiga shikast yetmaydi. Televizor qanday oʻrnatilgan? Bolalarga qulaymi, poldan baland yoki past emasmi? Xonada temperatura 20-24 gradus issiq boʻlishi va oʻquvchining ish joyiga tushayotgan yorugʻlik tepadan pastga va chapdan tushishi, displey ekrani va klavishlar koʻzni qamashtirmaydigan boʻlishi kerak.
Sanitar meʼyor va qoidalarga koʻra 1-4 sinf oʻquvchilari 20 minut, 5-9 sinf oʻquvchilari 25-30, yuqori sinflarga 30-40 minut bir oʻtirishda, bir kun davomida esa 180 minutdan oshmasligi kerak. Bolalar kompyuterda ishlash jarayonlarida koʻzlarida zoʻriqish hosil qilmasliklari uchun 2-3 minutdan iborat dam berish lozim. Shu lahzalarda oʻquvchilarga kuy eshitish, kursida oʻtirgan holda qoʻl va boʻyin muskullarini toliqmasligi uchun yengil jismoniy mashqlar bajarish foydali. Uy derazasi yoki balkondan uzoqlarga ayniqsa yashil manzara va daraxtlarga tikilish koʻz charchoqlarini olib, mashgʻulotlarni tetik davom ettirishga shaylaydi.
Masofadan taʼlim, mustaqil tayyorlanish uyda ham taʼlim muhitini yoshlarga yaratib berishdek biz kam hafsala boʻlib kelgan narsalarga eʼtibor berishda oʻziga xos bong boʻldi. Biz bu masalalarga qanchalik sergak va hushyor boʻlsak, farzandlarimiz shunchalik bilimli va aqlli boʻladi. Endi pandemiyadan keyingi davrda ortiqcha dabdaba toʻy-hasham va zeb-ziynatlardan qochib bolalarga kompyuter, uy darsxona jihozlari, kitoblar olib beraylik. Ilm olishga sharoit yarataylik.
Baxtiyor Karimov,
Oʻzbekiston Respublikasi
xalq oʻqituvchisi, Toshkent shahar
Chilonzor tumani 90-maktab oʻqituvchisi