Farzandi tarbiyasiga e’tiborsiz bo‘lgan 7 mingga yaqin ota-ona ma’muriy javobgarlikka tortildi
Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida davlatimiz rahbarining 2025-yil 18-martdagi “Respublikadagi kriminogen vaziyatni kundalik tahlil qilish faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan yilning birinchi choragida viloyatda amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqildi.
Qayd etilishicha, mazkur yo‘nalishda tegishli organlar va jamoat tashkilotlari hamkorligida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Shunga qaramay, yilning birinchi choragida viloyatda 3233 ta jinoyat hisobga olingan va ularning 757 tasini oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar tashkil etgan. Aholini tashvishga soladigan va keng muhokamalarga sabab bo‘ladigan bosqinchilik, qotillik, firibgarlik, oddiy va o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari, jinoyat sodir etgan shaxslar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan kamaydi.

– Mahallalarda kriminogen vaziyatni yaxshilash maqsadida 160 ta “namunaviy xavfsiz ko‘cha” va 255 ta “namunaviy xavfsiz uy” tashkil qilinib, mahallalarga 352 ta videokuzatuv, 387 ta yuz va avtoraqamni tanib oluvchi kamera, 506 ta domofon o‘rnatildi, – dedi Samarqand viloyati prokurorining birinchi o‘rinbosari Sarvar Bozorov. – Ko‘p qavatli uylarning kirish yo‘laklari oldiga 120 ta tashvish tugmalari joylashtirildi. Natijada, kameralar yordamida qidiruvda yurgan 72 nafar shaxs ushlandi, jazodan bo‘yin tovlab kelgan probatsiya hisobidagi 248 nafar hamda transport vositasi bilan qoidabuzarlik sodir etgan 114 nafar shaxsga chora ko‘rilib, 10 ta jinoyat fosh etildi.
Hisobga olingan jinoyatlarning qariyb yarmini axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir qilingan jinoyatlar tashkil qildi. Bu yo‘nalishdagi 900 ta jinoyat fosh etilib, 556 ta jinoyat ishi sudlarga yuborildi. Kiberjinoyatlar natijasida 90 milliard so‘m zarar yetkazilganligi aniqlanib, shu paytgacha 13 milliard so‘m mablag‘ jabrlanuvchilarga qaytarildi va hisob raqamlarining chiqish tranzaksiyalariga taqiq qo‘yish yo‘li bilan 14 milliard so‘m pul mablag‘lari muzlatildi.

Joriy yilning o‘tgan davrida mahalla hududida sodir etilgan oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar yuzasidan o‘z xizmat vazifasini lozim darajada bajarmagan 857 nafar huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi shaxslar intizomiy javobgarlikka tortilib, bir holatda jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
– Viloyat hududida jinoyatlarning barvaqt oldini olish maqsadida “Samarqand tajribasi” sifatida belgilab olgan ustuvor yo‘nalishlarimiz asosida hodisa joyiga 5 daqiqada yetib borish, “112” raqami orqali kelib tushgan xabarlarni kunlik tahlil qilish yo‘lga qo‘yildi – dedi Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Tohir Aripov. – Ana shu tahlillardan kelib chiqib, qaysi mahalladan qanday turdagi murojaatlar ko‘pligiga qarab sohaviy xizmatlardan mas’ullar biriktiryapmiz va muammolar o‘z vaqtida hal etilmoqda. “Chilonzor” va “Ishtixon” tajribalari asosida 709 mahallada “Tozalash” tadbirlari o‘tkazilib, 203 ming 400 dan ortiq xonadonda yashovchi aholining 13 mingga yaqin muammosi aniqlandi. Shu paytgacha bu muammolarning 7215 tasi ijobiy hal etildi. Bundan tashqari, tadbirlar davomida, profilaktika inspektorlari tomonidan 26 322 ta ma’muriy huquqbuzarliklar aniqlandi va javobgarlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rildi. Natijada birinchi chorakda mazkur 709 mahallaning 514 tasida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi. Shuningdek, ushbu mahallalar kelib tushayotgan murojaatlar ham oydan-oyga kamaydi.

Boshqarma boshlig‘i shu yilning 27-yanvar kuni davlatimiz rahbari tomonidan xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha uyushgan jinoyatchilik, giyohvandlik, kiberjinoyatchilik va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish yo‘nalishlarida viloyatda amalga oshirilayotgan ishlarga e’tibor qaratdi.
Jumladan, kiberxavfsizlik bo‘yicha aholining huquqiy bilimini oshirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari natijasida ushbu yo‘nalishdagi murojaatlar yanvarda 1012 ta bo‘lgani holda, fevralda 650 ta, mart oyida 412 tani tashkil etgan. Xuddi shunday, mart oyida sodir etilgan kiberjinoyatlar soni fevralga nisbatan 194 ta (30 foiz)ga kamaydi.

Giyohvandlikka qarshi kurashish yo‘nalishidagi ishlar natijasida 446 holatda 57 kilogramm 473 gramm giyohvandlik vositalari va 3811 dona psixotrop dori-vositalari tegishli noqonuniy aylanmasi oldi olindi. Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish yo‘nalishida esa 272 ta jinoiy holat aniqlandi.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi yo‘nalishida olib borilgan ishlar davomida 1258 nafar ayolga “himoya orderi” berildi. Farzandining tarbiyasiga e’tiborsiz bo‘lgan 6938 nafar ota-onalar ma’muriy javobgarlikka tortildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari