Farzand tarbiyasida zamonaviy yondashuvlar
Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy institutida “Farzand tarbiyasida kollaborativ texnologiyalardan foydalanish” mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda AQSH, Turkiya, Germaniya, Hindiston va boshqa davlatlardan kelgan olimlar hamda 150 dan ortiq mahalliy mutaxassislar ishtirok etdi.


Zamonaviy ta’lim tizimining ustuvor vazifalaridan biri – farzand tarbiyasida zamonaviy, ilg‘or va innovatsion yondashuvlarni joriy etish. Bugungi kunda raqamli texnologiyalar va pedagogik kollaboratsiyalar tarbiya jarayonining ajralmas qismiga aylanmoqda. Ana shunday muhim jarayonni nazarda tutgan holda tashkil etilgan mazkur xalqaro anjuman farzand tarbiyasida kollaborativ texnologiyalardan samarali foydalanish bo‘yicha xalqaro tajribalarni o‘rganish, ularni milliy ta’lim tizimiga integratsiya qilish hamda ota-ona, pedagog va jamiyat o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga qaratildi.


Anjumanning asosiy maqsadi turli davlatlardagi ilg‘or tajribalarni umumlashtirish orqali farzand tarbiyasini yanada mukammallashtirish, ta’lim sifatini oshirish, innovatsion pedagogik texnologiyalarni amaliyotga joriy qilish va ota-onalar hamda pedagoglar o‘rtasida ijtimoiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishdan iborat.


Tadbir davomida xalqaro va mahalliy ekspertlar tomonidan kollaborativ texnologiyalarning psixologik-pedagogik asoslari, raqamli ta’lim vositalari, oila va maktab o‘rtasidagi o‘zaro munosabat mexanizmlari chuqur tahlil qilindi.
200 dan ziyod maqola taqdim etildi, ularning 100 tasi ilmiy sessiyalarda muhokama qilindi. Maqolalar nufuzli xalqaro platformalarda chop etiladi va Google Scholar orqali indekslanadi.
Anjuman milliy ta’lim tizimini rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi.
O‘zA