Keyingi yillarda mamlakatimizda yosh avlodning har tomonlama yetuk, komil, fikrlovchi inson bo‘lib yetishishi uchun keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Yosh avlod – xalqimizning asosiy tayanchi va suyanchi hisoblanadi. Aynan zamonaviy bilimlar, innovatsion texnologiyalarni, ilg‘or kasb-hunarni, xorijiy tillarni egallagan o‘g‘il-qizlar mamlakat  rivoji va taraqqiyotida yetakchi o‘rin tutadi.

Davlatimiz rahbari  2023 yil – Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili, deb e’lon qildi va bu ta’limga, o‘qituvchiga, o‘quvchilarning ta’lim olishiga davlat darajasida  yuqori e’tibor qaratilishini ta’minladi.

Joriy yilning 28 avgust kuni Prezidentimiz raisligida maktablarda ta’lim sifatini yanada oshirish, o‘quvchi o‘rnini ko‘paytirish hamda o‘qituvchilar malakasini  yuksaltirish  va ularga munosib sharoit yaratish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan  videoselektor yig‘ilishi  pedagoglar zimmasiga kechiktirmay hal etilishi lozim bo‘lgan dolzarb vazifalarni  va ulkan mas’uliyatni yukladi.  

Ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar murabbiylarning qadri ko‘tarilishi, obro‘yi tiklanishida muhim ahamiyat kasb etdi.  Bu o‘qituvchilar o‘rtasida sog‘lom raqobatni yuzaga keltirdi. O‘qituvchining o‘z ustida ishlashi, o‘qib- izlanishi tufayli o‘quvchilariga  yaxshi  ta’lim berayotgani uchun muntazam ravishda rag‘batlantirib borilayotgani ustoz-muallimlarni yanada oldinga intilishga, sifatli ishlashga undamoqda.  

Respublikamizning  har bir viloyat markazida Prezident maktablarining, ixtisoslashgan, ijod, davlat-xususiy sherikchilik asosidagi umumta’lim maktablarining ochilishi ta’limda sog‘lom raqobatni yuzaga keltirmoqda. Umumta’lim maktablarida yangi o‘quv yilidan boshlab boshlang‘ich sinflarda va  keyinroq bosqichma-bosqich  yuqori sinflarda o‘quvchilarga  yangi avlod darsliklari asosida saboq berilishi o‘g‘il-qizlarning Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablardagidek tahsil olishini ta’minlaydi.  

Lekin  sholi kurmaksiz bo‘lmaganidek, yutuqlar bilan bir qatorda bola tarbiyasida ayrim kamchiliklar, salbiy holatlar ham borligini ham tan olishimiz lozim. Ta’lim tarbiya bilan chambarchas bog‘langan jarayondir. Tarbiya insonning insonligini ta’minlaydigan abadiy qadriyatdir.  

Farzand tarbiyasidagi eng og‘riqli muammo bu  ijtimoiy tarmoqlar va internet tizimidir. Bir davrada o‘tirib,  o‘zbek milliyligiga, odob-axloqiga to‘g‘ri kelmaydigan  xorijiy seriallarni tomosha qilish hollari har bir oilada bor, albatta. Gohida oilalardagi milliy qadriyatlar unutilmoqda. Jumladan, oddiygina tuyilgan, bir dasturxon atrofida oilaning barcha a’zolari jamuljam bo‘lib, ovqatlanish bahona samimiy suhbat qurish hollari yo‘qolib bormoqda. Oilada, maktabda, jamoada bolaning o‘z kuchiga yarasha qilishi mumkin bo‘lgan jismoniy mehnatning kamayib ketayotgani va mehnatning inson tarbiyasida muhim o‘rni borligi ba’zida unutib qo‘yilmoqda.

O‘quvchilarning gohida kichik yoshidan ishlab pul topishga majbur bo‘lib qolayotganligi – choyxonalarda, to‘yxonada, bozorda sarson kezayotgani ham bor haqiqat. 5-10 so‘m pul topib, ota-onani mensimaslik, ota yoki onaning o‘gitlarini tinglamaslik holatlari ularning o‘qishga qiziqishini susaytirishga sabab bo‘lmoqda. Bola yarim tungacha choyxona, to‘yxonada ishlab, bozorda arava tortib, ertasiga darsga kechikib kelib, kelganda ham  sinfda uxlab o‘tirib, to‘liq ta’lim olarmikan? Undan ham yomoni, ana shu to‘yxonalarda kattalarda ko‘rgan yomon odatlarni o‘zlashtirib olishi ular tarbiyasining buzilishiga sabab bo‘lmaydimi?

Ilm o‘quv dargohidan, hayotdan olinishi mumkindir, lekin odob, tarbiya, avvalo, oiladan, uyda olinadi. Aniq vazifalari va majburiyatlari belgilangan “Ota-onalar maktabi”ni  shunchaki nomiga, xo‘jako‘rsinga emas, rasman tashkil etish lozim. Bu maktabda ota-onalar burchi, javobgarligi, majburiyati to‘g‘risida, dunyoviy va diniy bilimlar o‘qitilishi, bolalarga psixologik yordam  ko‘rsatilishi kerak. Ota-onalarga farzandlarini o‘tish (ulg‘ayish) yoshi davrida muammolardan, zamonaviy axborot-texnologiyalari, internet, ijtimoiy tarmoqlardagi zararli ma’lumotlardan asrashni, tahlil qilishni, ma’naviy, estetik va madaniy tarbiya berishda nimalarga e’tibor qilmoqlikni o‘rgatish zarur.

“Ota-onalar maktabi” saboqlari mahallada  hech bo‘lmasa bir oyda bir marta tashkil etilishi kerak. Ushbu maktabda saboqlarni oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, olimlar, psixologlar, diniy ulamolar, huquqshunoslar va umuman yuqorida aytilgan tarbiya  bo‘yicha yetakchi mutaxassislar olib borishsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi. Ana shunda oila – maktab – mahalla chambarchas bog‘langan, ota-onalar, ustoz-muallimlar, mahalla-ko‘y farzand tarbiyasida mas’uliyatni to‘la-to‘kis his qilgan bo‘lardi.  

Shoira Akbarova,

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi

16-maktab direktori.

O‘zA

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farzand tarbiyasi uchun muallim va ota-ona birdek javobgar