Farzand kelajagiga qo‘yilgan muhim sarmoya
Oila farzand shaxs sifatida shakllanadigan birinchi va eng muhim ijtimoiy muhitdir.
Uning dunyoqarashi, xulq-atvori, mas’uliyati, mehnatsevarligi, atrofdagilar bilan munosabati va kelajakda oila qurishga tayyorligi ko‘p jihatdan ota-onaning, ayniqsa, otaning munosabati va shaxsiy namunasiga bog‘liq.
Otalik faqat oilani moddiy ta’minlash bilan cheklanmaydi. Haqiqiy otalik farzand hayotida faol ishtirok etish, uni tinglash va tushunish, tarbiyasi va ta’limiga e’tibor qaratish, qiyin vaziyatlarda qo‘llab-quvvatlash, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish va eng muhimi, unga munosib shaxsiy namuna bo‘lishdir.
Otaning shaxsiy namunasi — eng kuchli tarbiya vositasi
“Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti olimlarining fikricha, farzand ko‘pincha nasihatdan ko‘ra otasining amallariga ergashadi. Shu bois otaning kundalik xulq-atvori farzand uchun o‘ziga xos tarbiya maktabi vazifasini bajaradi.
Ota va’dasida tursa, farzand mas’uliyatli bo‘lishni o‘rganadi. Ota onaga hurmat bilan munosabatda bo‘lsa, farzand ham ayolga hurmat ko‘rsatishni anglaydi. Otaning halol mehnati farzandga mehnatning qadrini tushunishga yordam beradi. Muammolarni muloqot va murosa orqali hal qilish esa farzandda nizolarni madaniy yo‘l bilan bartaraf etish ko‘nikmasini shakllantiradi.
Otaning adolatli, halol va mas’uliyatli bo‘lishi farzand qalbida mustahkam axloqiy mezonlarni qaror toptiradi.
Demak, farzandga beriladigan eng kuchli tarbiya vositalaridan biri — otaning shaxsiy namunasidir.
Farzandga vaqt ajratish — otalik mas’uliyatining muhim mezoni
Farzand bilan suhbatlashish, uning fikrini tinglash, yutuqlaridan quvonish, muammolarini birgalikda muhokama qilish va qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash otalik mas’uliyatining amaliy ko‘rinishlaridir.
Ayniqsa, o‘smirlik davrida ishonchli muloqot muhim ahamiyat kasb etadi. Bu davrda farzand mustaqil fikrlash, o‘zini anglash va hayotiy qarorlar qabul qilishga intiladi. Otaning o‘z vaqtida bergan oqilona maslahati va samimiy qo‘llab-quvvatlashi uning to‘g‘ri yo‘nalish tanlashiga yordam beradi.
Shuning uchun ota farzandining o‘qishi, qiziqishlari, do‘stlari va kelajak rejalari bilan muntazam qiziqib borishi, uning hayotiga befarq bo‘lmasligi muhimdir.
Ota va onaning tarbiyadagi hamkorligi
Farzand tarbiyasi faqat onaning yoki otaning emas, balki ikki tomonlama mas’uliyat va hamkorlikka asoslangan jarayondir.
Ota va ona tarbiya maqsadlarini birgalikda belgilashi, farzandga qo‘yiladigan talablarda bir-birini qo‘llab-quvvatlashi va farzand oldida bir-birining obro‘sini tushirmasligi lozim.
Shuningdek, oiladagi kelishmovchiliklarni farzandga salbiy ta’sir qilmaydigan tarzda hal etish, uning yutuq va muammolarini birgalikda muhokama qilish ham sog‘lom oilaviy muhitni shakllantirishda muhim ahamiyatga ega.
Otalik mas’uliyatini oshirishning olti amaliy qadami
“Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti olimlari otalik mas’uliyatini oshirishning olti amaliy qadamini tavsiya etmoqda. Birinchidan, har kuni suhbatlashish. Farzandning kuni qanday o‘tgani, nimadan xursand yoki xafa bo‘lgani bilan qiziqish uning otaga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi.
Ikkinchidan, uning fikrini hurmat qilish. Farzandni, hatto u kichik yoshda bo‘lsa ham, mustaqil shaxs sifatida tinglash muhim. Bu unda o‘z fikrini erkin ifodalash va mustaqil qaror qabul qilish ko‘nikmasini shakllantiradi.
Uchinchidan, tanqiddan ko‘ra tushuntirishni tanlash. Farzand xato qilganida uni darhol jazolashdan ko‘ra, xatoning sababini tushunish va to‘g‘ri yo‘lni tushuntirish ko‘proq samara beradi.
To‘rtinchidan, ona bilan hamkorlik qilish. Farzand tarbiyasidagi barcha mas’uliyatni ona zimmasiga yuklamasdan, ota ham tarbiya jarayonida faol ishtirok etishi kerak.
Beshinchidan, birgalikda sifatli vaqt o‘tkazish. Kitob o‘qish, sayr qilish, sport bilan shug‘ullanish yoki oddiy suhbatlashish ham ota va farzand o‘rtasidagi mehr va ishonchni mustahkamlaydi.
Oltinchidan, farzandning kelajagiga qiziqish. Uning qobiliyati, qiziqishlari, kasb tanlashi va hayotiy maqsadlarini qo‘llab-quvvatlash kelajakda o‘z yo‘lini topishiga katta yordam beradi.
Bugungi e’tibor — ertangi barkamol avlod
Farzandning o‘ziga bo‘lgan ishonchi, mas’uliyati, ijtimoiy munosabatlarga moslashuvi va kelajakda oilaviy hayotga tayyorligi ko‘p jihatdan u his qiladigan mehr, e’tibor, ishonch hamda otaning shaxsiy namunasiga bog‘liq.
Farzandlar ko‘proq eshitgan gaplarini emas, ko‘zi bilan ko‘rgan amallarni eslab qoladi. Shu bois otaning har bir harakati, munosabati va qarori farzand uchun o‘ziga xos hayot darsi bo‘lib xizmat qiladi.
Farzandga ajratilgan har bir daqiqa — uning kelajagiga qo‘yilgan qimmatli sarmoya. Uni tinglash, qo‘llab-quvvatlash, birga vaqt o‘tkazish, mehr ko‘rsatish va shaxsiy namuna bo‘lish orqali ota farzandining barkamol inson bo‘lib voyaga yetishiga munosib hissa qo‘shadi.
Bugungi mehr va e’tibor ertangi mustahkam oila, barkamol avlod va farovon jamiyatning ishonchli poydevori sanaladi. Otaning so‘zi – saboq, har bir amali esa farzand uchun hayot darsi.
N.Usmonova,
O‘zA muxbiri