Farzand arosatda qolmasin !
Ota farzandini ko‘rish uchun sudgacha bordi…
Ko‘pchilik Majburiy ijro byurosi faoliyatini qarz yoki aliment undirish bilan bog‘laydi. Aslida esa Byuro tomonidan inson taqdiri bilan bog‘liq, o‘ta nozik va mas’uliyatli ijro harakatlari ham amalga oshiriladi. Shulardan biri — sud qaroriga asosan ota yoki onaning farzandi bilan ko‘rishish huquqini ta’minlashdir.
Byuroning Uchko‘prik tuman bo‘limi ish yurituviga ham ana shunday ijro hujjati kelib tushdi. Sud qaroriga ko‘ra, fuqaro Sh.B.ning farzandi Barchinoy bilan ko‘rishish huquqi belgilangan bo‘lsa-da, bolaning onasi qaror ijrosiga qarshilik qilib kelgan.
Davlat ijrochisi tomonidan har ikki tomon bilan tushuntirish ishlari olib borildi, bolaning manfaati va sud qarorini bajarishning ahamiyati atroflicha tushuntirildi.
Natijada sud qarori ijrosi ta’minlanib, ota o‘z farzandi bilan uchrashish imkoniga ega bo‘ldi.
Majburiy ijro byurosi uchun ayrim ijro hujjatlari faqat qonun talabini bajarish emas, balki bir bolaga ota mehrini, bir otaga esa farzandi bag‘rini qaytarashdek yuksak insonparvarlik vazifasini ham anglatadi.
O‘zA