Farrux Zokirov san’atda hamisha yosh va shijoatli qolishning formulasini izohladi
Eksklyuziv suhbat
Ko‘ksaroy qarorgohi, 15-aprel. Shu kuni bu yerdagi har bir muhtasham zal o‘zgacha fayzga to‘lgandek bo‘ldi. Prezident ishtirokida navbatdagi tantanali marosim o‘tkazildi.
O‘zbek san’atining nafaqat bir davri, balki butun boshli tarixini o‘zida jamlagan inson, O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov sakson yoshlik dovonni zabt etdi. Bu yerda aytilgan har bir so‘z, berilgan har bir e’tirof faqat bir ijodkorga emas, balki millat ma’naviyatiga ko‘rsatilgan yuksak ehtirom namunasi bo‘ldi.
Zokirovlar sulolasi deganda ko‘z oldimizda milliy musiqamizning oltin zanjiri gavdalanadi. Karim Zokirovning mahobati, Botir Zokirovning betakror ovozi va madaniyati bugun shu inson siymosida yangicha jilo bilan davom etmoqda.
Bu sulola san’atni shunchaki kasb emas, balki yashash tarzi, Vatanga muhabbat izhori deb bilgan fidoyilar maktabidir. Sakson yosh esa 55 yil davomida “Yalla” bilan dunyo kezgan, millionlab qalblarga o‘zbek dunyosini olib kirgan zahmatli yo‘lning sarhisobidir.
Tadbir davomida davlatimiz rahbari tomonidan Farrux Zokirovga “Buyuk xizmatlari uchun” ordenining topshirilishi va Yashnobod tumanidagi musiqa maktabiga san’atkor nomining berilishi e’lon qilindi. Bu haqiqiy san’at hech qachon e’tibordan chetda qolmasligining isboti bo‘ldi.
“Uchquduq” va “Choyxona”dan tortib “Majnuntol”gacha bo‘lgan kuylar nafaqat “oltin fond”dan, balki xalqimizning yurak-yuragidan mustahkam o‘rin oldi. Bu qo‘shiqlar bilan avlodlar ulg‘aydi, necha minglab ko‘ngillar taskin topdi.
Biz ushbu tarixiy voqeadan so‘ng Farrux Karimovich bilan suhbatlashdik. Uning nigohlaridagi samimiyat va har bir so‘zidagi shukronalik tuyg‘usiga guvoh bo‘ldik.
– Farrux Karimovich, avvalambor, ushbu qutlug‘ sakson yillik dovon va yuksak davlat mukofoti bilan sizni samimiy muborakbod etamiz. Ayni damda qalbingizdan qanday kechinmalar o‘tmoqda?
– Bilasizmi, inson umri davomida ko‘p e’tiroflar, mukofotlar ko‘rishi mumkin. Lekin bugungi hayajonning o‘rni butkul boshqacha. Prezidentimizning har bir so‘zida, ko‘rsatgan iltifotlarida “inson qadri” degan ulug‘ tamoyilning amaldagi ifodasini his qilamiz. Davlatimiz rahbari tomonidan ijodimizga, sulolamizga berilgan bu qadar yuksak bahodan boshim osmonga yetdi.
Shu lahzalarda xayolimdan bir fikr o‘tdi. Demak, qilingan xizmatlar, san’atga baxshida etilgan yillar, o‘sha halol mehnatlar bejiz ketmabdi. Bu muvaffaqiyatlar zamirida, avvalo, volidai muhtaramam va padari buzrukvorimning bergan o‘gitlari, duolari va bizga qoldirgan ijod maktabining fayzu barakasi bor deb bilaman. Bugungi e’tirof nafaqat mening, balki butun Zokirovlar sulolasining o‘zbek madaniyati oldidagi xizmatlariga berilgan oliy bahodir. Bu ijodiy baxtning ta’rifiga so‘z ojiz.
– Sizning nomingiz bilan ataladigan musiqa va san’at maktabining tashkil etilishi, u yerda “Yalla” nomidagi bolalar ansambli va zamonaviy studiyalarning barpo etilishi haqidagi xabar barchani quvontirdi. Bu maktabni milliy estrada ijrochiligining yangi “laboratoriyasi” deb atash mumkinmi?
– Siz haqsiz. Bu shunchaki ta’lim dargohi emas, balki kelajak avlod ijodini quvvatlaydigan ildizlardan biri bo‘lishi kerak. Maktabda “Ustoz-shogird” an’analarining yangi bosqichga chiqishi juda chuqur ma’noga ega. Bu yerda yoshlar musiqa sirlarini o‘rganishadi. Ta’lim jarayonida milliy ruh va zamonaviylik uyg‘unligini his qilishadi.
To‘g‘risi, bu tashabbus meni yanada ilhomlantirib yubordi. Hozirning o‘zida xayolimga yangi-yangi g‘oyalar kelyapti. Yoshlar bilan yangi ansambllar tuzish, mahorat darslari tashkil etish, balki yangi bayram dasturlari ustida ishlash... Prezidentimizning bu takliflari menda yoshlik shijoatini yanada jonlantirib yubordi. Bu maktab nafaqat yurtimizda, balki xalqaro miqyosda ham havas qilsa arziydigan san’at maskani bo‘lishi uchun bor tajribamni ishga solaman.
– O‘zbekistonning turli hududlarida bir-biridan zamonaviy yangi shaharlarimiz bunyod bo‘lyapti. Yaqin orada shu manzillarga atalgan “Uchquduq” yoki “Shahrisabz” kabi durdona asarlar yaratish niyatingiz bormi?
– Albatta! Inson qadri ulug‘langan, ijodkor mana shunday ardoqlangan yurtda g‘ayratga g‘ayrat qo‘shilaverar ekan. Prezidentimizning yuksak ishonchi menga shunday kuch berdiki, hozir tog‘ni talqon qilishga ham kuchim yetadi. Bu mening ijodiy hayotimdagi yangi va muhim bir bosqich bo‘ldi.

Bugun yurtimizda Ko‘kdala kabi yangi tumanlar, Bobur kabi yangi shaharlar qad rostladi. Bu bunyodkorlik ishlari ijodkorni to‘lqinlantirmay qolmaydi. Umrimning oxirigacha Vatanimga, xalqimga xizmat qilish men uchun oliy sharaf. Yangi qo‘shiqlar, yangi ohanglar hali oldinda. Kuchim va ovozim yetguncha “Yalla” jamoasi bilan birga o‘zbek san’atining jozibasini dunyoga tarannum etishdan to‘xtamayman.
Farrux Zokirov bilan suhbatlashar ekansiz, qarshingizda mashhur yulduzni emas, balki nihoyatda kamtarin, har bir gapini mushohada bilan aytadigan donishmand insonni ko‘rasiz. Uning nigohlarida san’atga bo‘lgan alangali muhabbat porlab turibdi.

Suhbat yakunida anglagan haqiqatim shu bo‘ldiki, haqiqiy san’atkor uchun eng katta mukofot xalqning mehri va davlatning yuksak e’tirofi ekan. Farrux Zokirov o‘z hayoti va ijodi bilan milliy estradamizning baland cho‘qqisini zabt etib bo‘lgan, lekin hamon yangi marralar sari intilishdan to‘xtamaydi.
O‘zA muxbiri
Ikrom AVVALBOEV
suhbatlashdi.
Otabek MIRSOATOV olgan surat.