O‘zbekiston va Ozarbayjon davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar mutlaqo yangi bosqichga chiqqani mamlakatimiz madaniy hayotida ham o‘z ifodasini topmoqda. Yaqinda Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston madaniyati kunlari bunga yorqin misoldir.
Mazkur madaniy tadbir ishtirokchisi, O‘zbekiston xalq artisti, "Yalla" ansamblining badiiy rahbari Farrux Zokirov bu haqda O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:
- Musiqa, san’at, adabiyot doim xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiradi. Keyingi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga, ayniqsa, san’at, adabiyotning o‘rni va ta’sirini kuchaytirishga katta ahamiyat qaratilmoqda.
Yaqinda Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston madaniyati kunlarini hamkorlikning amaliy natijasi, deyish mumkin. Azaldan o‘zbek xalqi ozarbayjon milliy musiqalarini sevib tinglaydi. Bu xalqning she’riyati, adabiyoti o‘zbek kitobxoniga yaxshi tanish. Shu bilan birga, o‘zbek musiqasi, she’riyati, so‘z san’ati ham qardosh xalqqa juda qadrdon.

Boku shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston madaniyati kunlari xalqlarimizning tili, dini, an’analari uyg‘unligini ko‘rsatish bilan birga san’atga bo‘lgan munosabatlardagi mushtarak jihatlarni yana bir karra namoyish etdi. Ikki xalq vakillari ham bunday iliq, samimiy, dilga yaqin uchrashuvlarni juda sog‘ingani konsertlarda, uchrashuvlarda, jonli muloqotlarda yana bir karra namoyon bo‘ldi.
Konsertlarda ozarbayjon opera va estrada xonandasi Rashid Beybutov ijro etgan qo‘shiqlardan birini kuylaganimizda zaldagi tomoshabinlar katta hayajon bilan qo‘shiqni tinglagani bir san’atkor sifatida meni juda to‘lqinlantirdi. Gulyanaq Mammadova bilan birgalikda qo‘shiq ijro etganimiz konsertlarga o‘zgacha jo‘shqinlik, fayz bag‘ishladi.
Aytish joizki, shu yil may-iyun oylarida ozarbayjon farzandi Haydar Aliyev tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlab Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘tkazilgan "O‘zbekistonda Ozarbayjon musiqasi kunlari" loyihasida qardosh xalq san’atkorlari bilan birga qatnashdik.
Shu kunlarda Vatanimiz mustaqilligining 32 yilligiga bag‘ishlab «Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!» degan bosh g‘oyani ilgari surgan holda o‘tkazilayotgan madaniy-ma’rifiy tadbirlarda yurtimizdagi barcha millat va elat vakillari kabi ozarbayjon diasporasi, shuningdek, Respublika ozarbayjon milliy madaniyat markazi vakillari ham faol qatnashmoqda.
O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova yozib oldi.