FARMON VA IJRO: Xususiylashtirishda tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratilmoqda
Davlat aktivlarini xususiy sektorga o‘tkazishda tadbirkorlar va investorlar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda. Yangi tartiblar davlat mulkini realizatsiya qilish jarayonini soddalashtirish bilan birga, iqtisodiyotda xususiy sektor ulushini oshirish va raqobat muhitini kengaytirishga qaratilgan.
Bu yo‘nalishdagi muhim chora-tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustda qabul qilingan “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilab berilgan.
Mazkur farmonga ko‘ra, Xususiylashtirish dasturi doirasida 84 ta xo‘jalik jamiyatidagi davlat ulushi, 1 242 ta ko‘chmas mulk ob’ekti hamda tadbirkorlik va shaharsozlik maqsadlari uchun qariyb 8 ming gektar yer maydoni savdoga chiqariladi. Shuningdek, davlat ishtirokidagi 85 ta korxonani tugatish yoki qayta tashkil etish choralari ko‘riladi.
Sotuv jarayonida ilgari talab topmagan aktivlarga ham alohida yondashuv belgilangan. Xususan, avvalgi savdolarda realizatsiya qilinmagan 84 ta aktiv qayta auksionga chiqariladi va ularning boshlang‘ich qiymati 1 million so‘m etib belgilanadi.
Savdoga qo‘yiladigan aktivlarning umumiy qiymati 100 trillion so‘mga teng. Ularni realizatsiya qilish natijasida yil oxirigacha byudjetga va iqtisodiyotga kamida 14 trillion so‘m tushum yo‘naltirilishi kutilmoqda.
Tadbirkorlar uchun eng muhim yangiliklardan biri esa xaridni moliyalashtirish shartlarining yengillashtirilishidir. Endi aktivni sotib olishda dastlabki to‘lov 15 foizni tashkil etadi. Amaldagi tartibda bu ko‘rsatkich 35 foiz edi. Qolgan mablag‘ni esa qo‘shimcha foizlarsiz belgilangan muddatlarda bo‘lib to‘lash mumkin.
Xaridorlarga aktiv qiymatini tezroq qoplash holatida ham rag‘batlantiruvchi shartlar taklif etilmoqda. Jumladan, to‘lovni olti oy ichida to‘liq amalga oshirganlarga 25 foiz chegirma beriladi.
Yirik bitimlar uchun esa yanada uzoq muddatli bo‘lib to‘lash imkoniyati mavjud. Aktiv qiymatining 35 foizini uch oyda to‘lagan xaridor qolgan summani 5 yilgacha, 50 foizini olti oyda to‘lagan xaridor esa qolgan qismini 7 yilgacha foizsiz to‘lashi mumkin.
Aktivlarni sotishda vaqt omilini ham hisobga olish maqsadida auksion mexanizmlari takomillashtiriladi. Agar ob’ekt uch oy davomida sotilmasa, uning narxi bosqichma-bosqich pasaytiriladi. Ayrim holatlarda esa “gibrid auksion”dan foydalanish mumkin. Bu usul narxni pasaytirish va keyinchalik oshirish imkonini bir savdo jarayonida uyg‘unlashtiradi.
Yangi yondashuv davlat ishtirokidagi tijorat banklariga tegishli aktivlarni realizatsiya qilishga ham tatbiq etilishi mumkin. Bu banklar balansidagi mol-mulk va boshqa aktivlarni iqtisodiy aylanmaga samaraliroq kiritish imkonini beradi.
Yer maydonlarini investorlarga taklif etishda ham qulayliklar yaratiladi. Xususan, yer uchastkalarini “tayyor paket” shaklida savdoga chiqarish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Bunda ob’ektni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash bo‘yicha texnik shartlar va zarur ruxsat hujjatlari oldindan tayyor holatga keltiriladi.
Davlat tasarrufidagi yirik oliy ta’lim muassasalari va ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarini bosqichma-bosqich tijoratlashtirish ham nazarda tutilgan. Bu jarayonga xususiy kapital va investorlarni jalb qilish uchun yangi imkoniyatlar paydo bo‘ladi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mazkur farmonda belgilangan chora-tadbirlarning izchil amalga oshirilishi iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sektor uchun yanada keng imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi. Hujjat ijrosi natijasida davlat aktivlarini samarali boshqarish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish, tadbirkorlik va investitsiya faolligini oshirish, raqobat muhitini kengaytirish hamda iqtisodiyotda xususiy sektor ulushini yanada ko‘paytirish ko‘zda tutilgan.
N.Ziyodullayeva, O‘zA