Baxmal kengliklarida ko‘pkariga tayyorgarlik bo‘lyapti. Mahalliy egarchi qo‘shni davlatlardan kelgan nomdor chavandozlar davrasida. Kimdir hunarmandning mehnatini ko‘kka ko‘tarib maqtaydi, yana kimdir yangi buyurtma qiladi.
Shunga o‘xshash yana boshqa bir manzara. Poytaxtimizdagi Chorsu bozori. Milliy hunarmandchilik mahsulotlari sotiladigan kattagina do‘kon. Chust pichog‘i va Buxoro zardo‘zlari tayyorlagan shohona bosh kiyimni xarid qilayotgan sayyoh hayratini yashirmaydi. Boshqa bir mehmon mahsulotlarni erinmay tomosha qiladi. Tuyqus – anchadan buyon qidirib yurganini topganday Marg‘ilon atlasiga qo‘l uzatadi. Ana, sal yoshi kattarog‘i esa Qo‘qon yog‘och o‘ymakorlari yasagan shaxmat taxtasini qo‘liga oldi.
Bu kabi jarayonlarga ko‘zimiz o‘rgangan, odatiy manzara sifatida qabul qilamiz. Aslida bu qalbga g‘urur bag‘ishlovchi holat. Hunarmandchilik – tarixdan so‘zlaydi, ota-bobolarimizning zakovati, qarashlari, yashash tarzi haqida xabar berib turadi. Uni avloddan-avlodga o‘tkazish, rivojlantirish katta mas’uliyat va majburiyat.
Milliy hunarmandchilikka e’tibor, u bilan shug‘ullanuvchilarni rag‘batlantirish aholi bandligini ta’minlashda o‘ziga xos yo‘nalish sanaladi. Shu bilan birga, turizm imkoniyatlarini oshirishda ham hunarmandchilikning o‘rni katta.

Shu jihatni inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 12 iyunda qabul qilingan “Aholini hunarmandchilikka jalb qilish va hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni soha rivojini yangi bosqichga olib chiqishda muhim hujjat bo‘ldi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hududlarga tashrif buyursa, o‘sha zaminning usta-hunarmandlari bilan uchrashadi. Bu yaxshi an’anaga aylangan. Uchrashuvlarda hamisha hunarmandlar bilan dildan suhbat bo‘lgan, ularning takliflari tinglangan. Yakunda o‘sha manzilga mos katta yangilikka qo‘l urilgan.
Yangi farmonni o‘sha fikrlashishlar natijasi, takliflar umumlashmasi, yangi imkoniyat eshiklari kaliti deyish mumkin. Zero, hujjatda hunarmandchilikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tilgan. Shuningdek, hunarmandlarni soliqqa tortish tizimini takomillashtirish, ularni zarur xomashyo va moliyaviy resurslar bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilangan. Bundan tashqari, hunarmandchilik mahsulotlarini realizatsiya qilish uchun infratuzilma yaratish, bozorlarni kengaytirish va aholini hunarmandchilikka keng jalb etish maqsadi ko‘rsatilgan.

– Farmonda hududlarda hunarmandchilik faoliyatining har bir yo‘nalishini alohida yondashuvlar asosida rivojlantirish, ayniqsa, hunarmandchilikning yo‘qolib ketayotgan turlarini saqlab qolish vazifasi qo‘yilgan, – deydi “Hunarmand” uyushmasi Farg‘ona viloyati boshqarmasi boshlig‘i Rasuljon Mirzahmedov. – Bu sohamiz ertasi uchun juda katta harakat. 2023 yil 1 iyundan 2025 yil 1 yanvarga qadar “Xalq amaliy san’ati ustalarining milliy katalogi” va “Turizm sohasida faoliyat yuritayotgan hunarmandlar reyestri”ga kiritilgan hunarmandlarga soliq yo‘nalishida yengilliklar berildi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, kalendar yil davomida hunarmandchilik mahsulotlarini realizatsiya qilishdan tushgan tushumning 100 million so‘mdan oshgan, biroq 1 milliard so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdori bo‘yicha aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 50 foizga kamaytirildi. Shuningdek, tovar belgilarini milliy ro‘yxatdan o‘tkazish bepul amalga oshiriladigan bo‘ldi. Farg‘onada 4 ming 500 nafardan ortiq hunarmand ro‘yxatdan o‘tgan. Yigirmata Hunarmandlar markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. Xonadonlarda "ustoz-shogird" an’analarini davom ettirayotganlar juda ko‘p. Bu raqamlar haqida gapirar ekanman, yangi farmon qanchadan-qancha ko‘ngillarga quvonch olib kelganini tasavvur qilish qiyin emas.
Joriy yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kasanachilik va hunarmandchilikni rivojlantirishga ajratilayotgan mablag‘larning kamida 70 foizi hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladigan bo‘ldi.
Kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Hunarmandchilik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi etib qayta nomlandi. Endi hunarmandchilikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari ushbu jamg‘arma mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi va Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasidan hunarmandchilik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga ajratiladigan subsidiyalar uchun ko‘zda tutilgan mablag‘lar yangi jamg‘armaga yo‘naltiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasining a’zolari soni 29 ming atrofida. Ularning 800 nafarga yaqini nogironligi bo‘lgan hunarmandlar.
Mamlakatimizda kasanachilik asosida uy sharoitida ishlayotgan nogironligi bo‘lgan shaxslarning ish joyini moslashtirish uchun har bir moslashtirilayotgan ish joyi bo‘yicha subsidiya ajratish tartibi mavjud. Endi bu hunarmandchilik bilan shug‘ullanayotgan nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan ham tatbiq etiladi.

– Hunarimiz ortidan kam bo‘layotganimiz yo‘q, – deydi hunarmand Jasur Jumayev. – Nogironligi bo‘lgan, uy sharoitida ishlayotgan hunarmandlarga subsidiyalar ajratiladigan bo‘ldi. Ko‘p davlatlarga tanlovlar, festivallar sabab borganman. Endi o‘shanday tadbirlarga menga ko‘maklashish uchun boradigan yordamchi – hamrohimga ham davlat tomonidan mablag‘ ajratish imkoniyatlari yaratilibdi. Bu farmon shaxsan men uchun ikki hissa xursandchilik bo‘ldi, deya olaman. Kelgusida bu imkoniyatlardan foydalanib uskunalarni yangilaymiz. Ishxonani kengaytirish niyatlari tug‘ilyapti.
Yuqorida farmonda hunarmandlarning mahsulot va xizmatlari eksportini qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratilgani haqida so‘z yuritgan edik. Endi hunarmandchilik mahsulotlarini eksport qilishda xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalari sifatida jo‘natish xarajatlarining 50 foizi, biroq mahsulot eksport qiymatining 50 foizidan ortiq bo‘lmagan qismi Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan qoplab beriladi.
Kelgusida Toshkent shahridagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tutash hududda Hunarmandlar maskani barpo etilishi ko‘zda tutilmoqda. Maskan o‘z ichiga namoyish zali, “Usta-shogird” maktabi va ustaxona kabi ob’ektlarni oladi.
Bugun yurtimizga kelayotgan sayyohlar milliy hunarmandchilik ustaxona va do‘konlari, Hunarmandlar markazlari faoliyati bilan tanishishni yoqtiradi. Unday joylarda tayyorlangan mahsulotlarni xarid qiladi. Yuksak texnologiyalar davrida sayyohlar oqimi mana shunday oddiy, samimiy joylarga ortib boraveradi.
Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbiri