Farmon loyihasiga takliflar bildirildi
Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, O‘zbekiston ekologik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi partiya tashkiloti hamda “Yuksalish” harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi va uni tasdiqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari, nodavlat notijorat tashkilotlari rahbari, partiya faollari, davlat tashkiloti xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi, mamlakatning uzoq muddatli barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan dastur sifatida ahamiyat kasb etadi. Strategiyaning asosiy yo‘nalishlaridan biri atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyotga o‘tish bo‘lib, 2025 yil “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili” deb e’lon qilindi.
– Ushbu tashabbus, ekologik muammolarni hal qilish, resurslarni samarali ishlatish va atrof-muhitni himoya qilishni ilgari suradi, – deydi O‘zbekiston ekologik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi partiya tashkiloti Kengashi raisi Aysanem Begimova. – Yashil iqtisodiyotga o‘tish faqat ekologik barqarorlikni ta’minlab qolmay, balki iqtisodiyotning turli tarmoqlarini rivojlantirishga, yangi ish o‘rinlari yaratishga va mamlakatning global raqobatbardoshligini oshirishga ham xizmat qiladi.
Ishtirokchilar Davlat dasturi bo‘yicha farmon loyihasi yuzasidan o‘zlarining fikr-mulohazalari hamda takliflarni bildirdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri