Farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash: ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi kuchaymoqda
Toshkent farmatsevtika institutida tashkil etilgan “Bo‘sh ish o‘rinlari” mehnat yarmarkasi va “Karera kuni” tadbiri nafaqat talabalar va ish beruvchilar o‘rtasidagi muloqot maydoni, balki farmatsevtika tarmog‘ida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan muhim amaliy qadam sifatida ahamiyat kasb etdi.
Tadbirda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov ishtirok etib, sohaning bugungi rivojlanish sur’atlari zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni keskin oshirayotganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, mamlakatimizda farmatsevtika sanoatini rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar, yangi ishlab chiqarish quvvatlarining ishga tushirilishi hamda mahalliy mahsulotlar hajmini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar kadrlar tayyorlash tizimiga ham yangi talablar qo‘ymoqda.

Aslida, bu kabi yarmarkalar an’anaviy tarzda faqat ish o‘rinlari taqdimoti bilan cheklanib qolmasdan, ta’lim muassasalari va ishlab chiqarish o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir. Xususan, talabalarning ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilishi ularning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, mehnat bozoridagi real talablardan xabardor bo‘lish imkonini yaratmoqda.
Tadbirda ishtirok etgan yetakchi farmatsevtika ishlab chiqaruvchilari, soha korxonalari va ilmiy-tadqiqot markazlari tomonidan taqdim etilgan bo‘sh ish o‘rinlari, amaliy stajirovkalar va karer rivojlanish imkoniyatlari yosh mutaxassislar uchun muhim ahamiyat kasb etdi. Ayniqsa, taqdimotlar jarayonida korxonalar tomonidan ish sharoitlari, ijtimoiy paketlar va kasbiy o‘sish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotlar berilgani talabalarning tanlov qilish jarayonini ancha yengillashtirdi.

Mutaxassislarning fikricha, bu kabi tadbirlar mehnat bozoridagi disbalansni kamaytirish, yoshlarni ish bilan ta’minlash darajasini oshirish va eng muhimi, sohada raqobatbardosh kadrlar zaxirasini shakllantirishda muhim omil hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, farmatsevtika sohasida tashkil etilayotgan “Karera kunlari” ta’lim sifatini oshirish va ishlab chiqarish samaradorligini ta’minlash o‘rtasidagi muhim bog‘lovchi bo‘g‘in sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Qayd etish joizki, mamlakatimizda farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirishga qaratilgan siyosat doirasida kadrlar masalasi ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan. Bu esa, o‘z navbatida, ta’lim muassasalarida amaliy ko‘nikmalarga ega, zamonaviy talablarga javob beradigan mutaxassislarni tayyorlashga bo‘lgan e’tiborni yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda.

Shu jihatdan, mazkur tadbir nafaqat bitiruvchilar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi, balki farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash tizimini bozor talablari asosida takomillashtirish yo‘lidagi muhim amaliy qadam bo‘ldi.
Mohigul Qosimova, O‘zA