Farmatsevtika: sohasi rivoji yo‘lida
Yurtimizda sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohalarida keng qamrovli tashabbuslar ilgari surilmoqda. Buning natijasida, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolangan.
Shu munosabat bilan Farmatsevtika texnik universiteti xodimlari viloyatlardagi ixtisoslashtirilgan maktablar, har bir viloyatning Prezident maktablari, o‘quv markazlari va litseylarga borib, o‘quvchilar bilan interaktiv uchrashuvlar o‘tkazdi.
Tadbirlar davomida, maktab o‘quvchilariga farmatsevtika sohasi, uning zamonaviy ta’lim imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, universitetning o‘quv dasturlari, qabul jarayoni, grant imtihonlari va tez orada bo‘lib o‘tadigan olimpiada haqidagi muhim ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashildi.
O‘quvchilar uchrashuvlarda faol qatnashib, FTUning imkoniyatlari va farmatsevtika sohasidagi istiqbollar haqida savollariga mutaxassislardan javoblar oldi. Universitet vakillari tomonidan ularga maxsus qo‘llanmalar va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
Ushbu hamkorlik o‘quvchilarga farmatsevtika fanlariga bo‘lgan qiziqishlarini oshirib, sog‘liqni saqlash sohasida ulkan yutuqlarga erishishiga turtki bo‘lsa, ajabmas.
***

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi va Turkiyaning “Battal Holding” kompaniyasi o‘rtasida parenteral dori mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan uchrashuvda, “Battal Holding” kompaniyasining O‘zbekiston farmatsevtika sohasiga investitsiya kiritish masalasi muhokama qilindi. Kompaniya O‘zbekistonda yangi loyihalarni amalga oshirish niyatidaligini, «Tashkent Pharma Park» innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri hududida ishlab chiqarish majmuasini qurish uchun yer maydoni olish bo‘yicha qiziqishini bildirdi.
Agentlik direktori, O‘zbekiston farmatsevtika sanoatining bozori, mahalliylashtirishga investitsiya kiritgan tadbirkorlarga taqdim etilayotgan imtiyozlar va klaster hududidan yer maydonlarini olish jarayoni haqida batafsil ma’lumot berdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldi.
Ma’lumot uchun, “BATTAL Holding” 1958 yil Istanbulda tashkil etilgan. Xolding tarkibiga “Turk ilac ve serum sanayi A.S.” kompaniyasi kiradi. Kompaniya maxsus zardoblar, vaksinalar, antibiotiklar, flakonlar, ampulalar ishlab chiqaradi. Kompaniyaning yillik daromadi 200 mln. AQSH dollarini tashkil etadi (2022 yil). Oxirgi 5 yil ichida o‘rtacha 15 foiz moliyaviy o‘sish ko‘rsatilgan. Kompaniya 30 dan ortiq davlatlarga o‘z mahsulotlarini eksport qilib kelmoqda.
Iqtisodiyot va moliya vazirligida, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi va Turkiyaning “Battal Holding” kompaniyasi o‘rtasida, parenteral dori mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha Anglashuv Memorandumi imzolandi.
***

Shuningdek, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov hamda Jahon Banki Guruhining (WB) va Xalqaro Moliya Korporatsiyasi (IFC) vakillari o‘rtasida ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Jahon Banki Guruhining (WB) vakillariga O‘zbekiston farmatsevtika sanoatining xususiy sektori haqida ma’lumot berildi. Tomonlar, xorijiy kompaniyalarning mamlakat xususiy sektoriga kirishda duch kelishi mumkin bo‘lgan muammolar, tartibga solishdagi kamchiliklar va ularning yechimlari to‘g‘risida fikr almashdi.
Uchrashuv yakunida, ikki tomon o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va kelgusida xususiy sektorni rivojlantirishda birgalikda ishlashga kelishib oldi.
Mohigul Qosimova, O‘zA