Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi: Xalqaro standartlar va ilg‘or tajriba almashinuvi
Bugungi kunda globallashuv jarayonlari shiddat bilan rivojlanayotgan bir davrda, aholi sog‘lig‘ini saqlash va sifatli dori vositalari bilan ta’minlash har bir davlatning strategik vazifalaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasida ham farmatsevtika tarmog‘ini isloh qilish, milliy regulyator tizimini xalqaro andozalar darajasiga ko‘tarish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur yo‘nalishda dunyoning yetakchi va ilg‘or tajribaga ega xorijiy agentliklari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Sanab o‘tilgan maqsadlar yo‘lida navbatdagi muhim qadam sifatida O‘zbekiston va Braziliya regulyatorlari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari yangi bosqichga olib chiqilmoqda.
Jumladan, ICH (Inson uchun mo‘ljallangan dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazishga qo‘yiladigan texnik talablarni uyg‘unlashtirish bo‘yicha xalqaro kengash)ning Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan navbatdagi Assambleyasi doirasida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori Alisher Temirov Braziliyaning Milliy sanitariya nazorati agentligi (ANVISA) vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Ma’lumot uchun ta’kidlash joizki, Braziliya Milliy sanitariya nazorati agentligi (ANVISA) bugungi kunda dunyoning eng nufuzli farmatsevtika regulyatorlaridan biri hisoblanadi. Mazkur agentlik dori vositalari, tibbiy buyumlar, vaksinalar, kosmetika va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini nazorat qilish bo‘yicha oliy vakolatli organdir. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan yuqori salohiyatga ega regulyator sifatida e’tirof etilgan ANVISA xalqaro standartlarni milliy tizimga muvaffaqiyatli joriy etish, qat’iy va shaffof inspeksiya faoliyatini yuritish, farmatsevtik mahsulotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish hamda dori vositalarining sifati, samaradorligi va xavfsizligini baholash sohasidagi ilg‘or va zamonaviy tajribasi bilan xalqaro miqyosda yuksak nufuzga ega.
O‘zaro samimiy va konstruktiv ruhda kechgan muloqot davomida ikki mamlakatning farmatsevtika sohasidagi nazorat qiluvchi organlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni chuqur o‘rganish va o‘zaro axborot almashish masalalari diqqat markazida bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda ANVISA ekspertlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va doimiy hamkorlik mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish, o‘zbekistonlik mutaxassislarning malakasini oshirish, qo‘shma trening va seminarlar tashkil etish hamda farmatsevtika bozorini tartibga solish amaliyotlari bo‘yicha doimiy tajriba almashinuvini ta’minlash istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, uchrashuv davomida farmatsevtika mahsulotlari muomalasini tartibga solish, O‘zbekiston milliy regulyator tizimiga ilg‘or xalqaro standartlarni faol joriy etish hamda regulyatorlararo hamkorlikni mustahkamlash yo‘nalishlaridagi strategik sheriklik istiqbollari atroflicha ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston va Braziliya farmatsevtika regulyatorlari o‘rtasidagi ushbu muloqot mahalliy farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirishda yangi ufqlarni ochib beradi. ANVISA kabi dunyo tan olgan agentlik bilan yo‘lga qo‘yilayotgan strategik sheriklik yurtimizda dori vositalari xavfsizligi nazoratini xalqaro standartlar darajasiga ko‘tarishga, sohaga ilg‘or innovatsiyalarni joriy etishga va eng muhimi, aholimizni xavfsiz hamda yuqori sifatli tibbiy mahsulotlar bilan ta’minlash tizimini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA