Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi ogohlantirish bilan chiqdi
Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi klinikasiga murojaat qilgan ayrim bemorlarda botulinotoksin saqlovchi “Refinex Botulinum Toxin Type A for Therapy” hamda “Dysport 500 Clostridium botulinum type A toxin-haemagglutinin complex” mahsulotlari kosmetologik maqsadlarda qo‘llanilganidan so‘ng og‘ir nojo‘ya reaksiyalar, jumladan botulizmga xos klinik belgilar kuzatilgan.
Hozirda mazkur mahsulotlarning kelib chiqishi va ularning qonuniy muomalasi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan tegishli tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining ma’lum qilishicha, “Refinex Botulinum Toxin Type A for Therapy” hamda “Dysport 500 Clostridium botulinum type A toxin-haemagglutinin complex” mahsulotlari O‘zbekiston Respublikasida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan. Shu sababli ularning xavfsizligi, sifati va samaradorligi belgilangan tartibda baholanmagan.
Shu bois, dori vositalari va tibbiy mahsulotlarni faqat rasmiy dorixonalar hamda litsenziyaga ega tashkilotlardan xarid qilish tavsiya etilmoqda.
“Internet yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali taklif etilayotgan shubhali mahsulotlarni sotib olmaslik kerak. Agar ushbu mahsulotlar xarid qilingan bo‘lsa, ularni qo‘llamaslik, qo‘llash boshlangan bo‘lsa, foydalanishni darhol to‘xtatish va shifokorga murojaat qilish tavsiya etiladi.
Mazkur mahsulotlarni qo‘llagan shaxslarda ko‘rishning xiralashishi, qovoqlarning tushib qolishi, yutinish qiyinlashishi, nutq buzilishi, mushaklar kuchsizligi, nafas olish qiyinlashishi yoki boshqa noodatiy alomatlar kuzatilsa, zudlik bilan tibbiy yordamga murojaat qilish zarur”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi fuqarolarni o‘z salomatligiga mas’uliyat bilan yondashishga, dori vositalarini faqat rasmiy savdo tarmoqlari orqali xarid qilishga hamda shubhali mahsulotlar aniqlangan hollarda vakolatli organlarga murojaat qilishga chaqirmoqda.
Qayd etilishicha, aholi salomatligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadda mazkur holat bo‘yicha nazorat va o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.
Mohigul Qosimova, O‘zA