Farmatsevtika: korrupsiyaga qarshi kurashishning yangi chora-tadbirlari belgilandi
Korrupsiyaga qarshi kurashish — barchamizning umumiy vazifamiz
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida korrupsiyaning oldini olish, halollik va shaffoflik muhitini mustahkamlash, shuningdek, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash va ularga yo‘l qo‘ymaslik borasida tizimli ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Mazkur yo‘nalishdagi chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish maqsadida Agentlikning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi ichki idoraviy hujjatlari muntazam ravishda takomillashtirib borilmoqda.
Xususan, Agentlik direktorining 2026-yil 10-iyuldagi 78-son buyrug‘i bilan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi ichki hujjatlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Shuningdek, 2026-yil 24-avgustdagi 93-son buyruq bilan tasdiqlangan yangi Odob-axloq qoidalari ijro uchun Agentlik va uning tizim tashkilotlariga yuborildi.
Qabul qilingan mazkur hujjatlar tizimda halollik, ochiqlik va mas’uliyat tamoyillarini mustahkamlash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish hamda korrupsiyaviy holatlarga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan.
Agentlik va uning tizim tashkilotlari, jumladan, GxP inspeksiyalari bilan ishlash jarayonida korrupsiyaviy holatlarga duch kelinganda ishonch telefonlari orqali murojaat qilish mumkin.
M.Qosimova, O‘zA