Farmatsevtika institutida qabul qanday kechadi?
Koʻp mamlakatlar qatori Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalariga ham qabul qilish davri yaqinlashmoqda.
Koʻp mamlakatlar qatori Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalariga ham qabul qilish davri yaqinlashmoqda. Jahon mamlakatlarida davom etayotgan COVID-19 pandemiyasi oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarini tashkillashtirish ishlarini tubdan oʻzgartirib yubordi. Koʻpgina davlatlar masofadan turib hujjatlarni qabul qilish, kirish imtihonlarini online amalga oshirish ishlarini boshlab yuborishgan.
Toshkent farmatsevtika institutidan xabar berishlaricha, qabul jarayonlariga tayyorgarlik joriy yilning mart oyidan boshlangan. Hozirgi kungacha institutda qabul komissiyasida faoliyat olib boradigan professor-oʻqituvchilar tarkibi, bajaradigan vazifalari taqsimlab berildi. Institutda sall-center va konsultatsiya xonalari tashkil etilib, telefon apparatlari, kompyuterlar, televizorlar bilan jihozlandi.
Institutda qabul jarayonini tashkil etishda Respublika komissiyasining karantin talabalariga toʻla rioya etgan holda amalga oshirish uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi.
Matbuot xizmatidan maʼlum qilishlaricha, Toshkent farmatsevtika institutiga kirish test sinovlari2 ta fan, yaʼni kimyo va biologiya fanlaridan boʻlib oʻtadi. Kimyo fanidan har bir test savoliga toʻgʻri javob uchun – 3,2, biologiya fanidan esa– 3,1 ball beriladi.
Toshkent farmatsevtika institutining magistratura bosqichiga qabul kvotalari ham tasdiqlangan. Unga 6 ta mutaxassislik boʻyicha 78 ta, shundan 13 ta davlat granti va 65 ta toʻlov kontrakt asosida qabul qilish belgilangan. Shuni taʼkidlash lozimki joriy oʻquv yilidan boshlab yangi “Eksperimental va sport farmakologiyasi” mutaxassicligi ochildi va unga 10 ta magistrant qabul qilinadi.
Hududning karantin sharoitidan kelib chiqib, abituriyent 2 xil usulda Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali OTMga hujjat topshirishi mumkin.